1 Oktyabr 2024 yil 1736

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Irkinovich Sultanxodjayevning 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda o‘z hayotini dunyodagi eng mashaqqatli va sharafli ishga bag‘ishlab kelayotgan o‘qituvchi va murabbiylarni bugungi umumxalq bayrami bilan samimiy muborakbod etaman. Biz ustoz zotini azaldan otaday ulug‘ deb biladigan, hamisha boshiga ko‘tarib eʼzozlaydigan maʼrifatparvar xalq farzandlarimiz.

Har bir inson hayotda qanday yutuqqa erishgan bo‘lsa, ularda qadrdon o‘qituvchi va ustozlarining beqiyos hissasi borligini umrbod minnatdorlik bilan eslaydi. Barchamiz hech shubhasiz o‘qituvchi deganda — zamon bilan hamqadam bo‘lgan jonkuyar, ziyoli shaxsni, maktab deganda – bilim va maʼrifat yog‘dusi taralib turadigan, Uchinchi Renessans poydevori qo‘yiladigan tabarruk maskanni ko‘z oldimizga keltiramiz.

Bugun o‘zining umri va hayotini yurt tinchligi, el osoyishtaligi va farovonligiga bag‘ishlab, Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan fidoyi ichki ishlar organlari xodimlarining qalbiga vatan ishqini joylagan inson ham avvalo ularning o‘qituvchi va murabbiylari hisoblanadi.

So‘nggi yillarda viloyatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda ustoz-shogird anʼanasini yana-da rivojlantirib, boy tajribaga ega bo‘lgan faxriylar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatildi.

Bu borada kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan mahallalarda faoliyat olib borayotgan profilaktika inspektorlari, shuningdek sohaga yangi qadam qo‘ygan yosh profilaktika inspektorlariga maslahatchi-murabbiy sifatida yaqindan amaliy yordam berib kelayotgan faxriylarimizga bugungi ulug‘ ayyom munosabati bilan chuqur minnatdorchilik bildiramiz.

Shu o‘rinda ichki ishlar organlari uchun malakali kadrlar yetishtirib berish tizimining dastlabki bosqichlaridan biri hisoblangan IIV Xorazm akademik litseyida o‘g‘il-qizlarimizga bilim berib kelayotgan barcha o‘qituvchi-pedagoglar jamoasini ham ushbu kasb bayramlari bilan samimiy qutlaymiz.

Qadrli ustoz va murabbiylar!

Sizlar bugun mana shunday o‘ta masʼuliyatli jabhada tom maʼnoda tarixiy missiyani ado etmoqdasiz. Chunki, Vatan va xalq manfaati uchun mardona kurashadigan, o‘zining qatʼiy hayotiy pozitsiyasiga ega, hech kimdan kam bo‘lmagan yoshlarni tarbiyalash – haqiqatan ham g‘oyat ezgu va ulug‘ vazifadir.

Barchangizga shu sharafli yo‘lda olib borayotgan olijanob faoliyatingizda va shaxsiy hayotingizda yangi yutuq va omadlar tilayman. Xonadonlaringizga doimo tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka yor bo‘lsin!

Hurmat bilan,

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i

polkovnik Ravshan Irkinovich Sultanxodjayev

Text to speech