5 Dekabr 2024 yil 2181

SHARAFLI KASB SOHIBASI

    Yurtimiz osoyishtaligini taʼminlash vazifasi naqadar mashaqqatli bo‘lmasin bu sohada ko‘plab ayollarimiz erkaklar bilan yonma-yon turib sidqidildan xizmat qilishyapti. Ular orasida Xorazm viloyati IIB TQX Jinoyat qidiruv boshqarmasi tezkor vakili, mayor Nargiza Bekchanova ham bor.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan Nargiza Hazorasp tumani IIB HPB Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish guruhi inspektori lavozimida xizmat faoliyatini boshladi. Albatta uning sohaga ko‘nikishi u qadar qiyin kechmadi. Shunday bo‘lsa-da unga ustoz-murabbiylari yaqindan yordam berishdi. Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdi. Hamkorlik va hamjihatlikda amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar bir yil o‘tar-o‘tmas o‘zining ijobiy samarasini berdi. Natijada tuman hududida voyaga yetmaganlar tomonidan jinoyat sodir etilishi keskin kamayishiga erishildi. Yosh xodimning qo‘lga kiritgan bu yutug‘i unga yana-da masʼuliyatli lavozimda ishlash imkoniyatini yaratdi. Endi u viloyat IIB TQX Jinoyat qidiruv boshqarmasi tezkor xodimi lavozimida xizmat faoliyatini davom ettirdi. Sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish, aybdorlarning o‘z qilmishiga iqror bo‘lishiga erishish shunchaki oson ish emas, albatta.Buni yaxshi anglagan lavhamiz qaxramoni zimmasidagi vazifaga yanada masʼuliyat bilan yondashib, qonunbuzarlarga qarshi kurashishda faol ishtirok eta boshladi.

Urganchlik K. Ibrohim o‘zi bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurgan R. Irodani uyali aloqa telefoniga tasvirga tushirib, keyinchalik uni internet tarmoqlari orqali tarqatib yuborish bilan qo‘rqitadi va undan 100 AQSH dollari hamda 200 ming so‘m berishni talab qiladi. Ibrohimning bu qilmishidan sarosimagatushgan Iroda mushkul ahvolga tushib qoladi. Mazkur jinoyat mayor Nargiza Bekchanova tashabbusi bilan aniqlanib, tezkor tadbir o‘tkaziladi va K. Ibrohim ashyoviy-dalillar bilan qo‘lga olinadi.

   Mana sakkiz yildirki jinoyat qidiruv sohasida xizmat qilayotgan qaxramonimiz bu kabi ko‘plab huquqbuzarliklarni fosh etish hamda qonun ustivorligini taʼminlashda faollik ko‘rsatmoqda.

-Nargiza Bekchanovaning ichki ishlar organlarida xizmat qilayotganiga 12 yildan oshdi,-deydi viloyat IIB MMI va KBTX boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Dilnoza Bog‘bekova.- U o‘zining tirishqoqligi, masʼuliyatni his qila bilishi, topshiriqlarni o‘z vaqtida aniq va puxta bajarishi, xizmat intizomiga qatʼiy rioya etishi hamda jamoat ishlaridagi faolligi bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Qolaversa, u bir necha bor ichki ishlar organlari tizimida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlar g‘olibi va sovrindoridir.

   Joriy yilning 4-5 oktyabr kunlari Urganch shahrida ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ushbu bilimdonlar bellashuvida mayor N.Bekchanova ham faol ishtirok etib, faxrli birinchi o‘rinni egalladi.

   Xizmat burchini bajarishdagi fidoyiligi, kasbga bo‘lgan sadoqati tufayli mayor Nargiza Bekchanova Ichki ishlar vazirligi hamda viloyat IIB rahbariyati tomonidan bir necha bor munosib tarzda rag‘batlantirilgan.

Hadisi sharifda oila muqaddas, sanalgan.Buni yaxshi anglagan lavhamiz qaxramoni umr yo‘ldoshi mayor Jalolbek Bobojonov bilan oila mustahkamligi, tinch va totuvligiga alohida eʼtibor berishyapti. Ayniqsa, oilaning zavqu-quvonchi bo‘lgan Kamronbek va Nozimaxonlar osoyishtaligimiz posbonlarining suyukli farzandlari sifatida kamolga yetmoqda.

 

                                                                        Xudoybergan JABBOROV

“Postda” gazetasi muhbiri

Text to speech