23 Dekabr 2024 yil 284

Yangi yil bayramini o‘tkazishga tayyorgarlik jarayonlari muhokama etildi

23-dekabr kuni Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan idorlararo hamkorlikdagi tezkor shtabda huquq-tartibot va nazorat organlarining masʼul xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Yangi yil bayramini yuqori saviyada o‘tkazish, bayram kunlari va yangi yil archasi o‘rnatilgan hududlarda jamoat tartibini saqlash va aholi xavfsizligini taʼminlash masalalari muhokama etildi.

Yig‘ilishda Xorazm viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev joriy yilda viloyatimiz aholisi va mehmonlariga yuqori darajadagi bayram kayfiyatini ulashish maqsadida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilganligini hamda ushbu dastur ijrosini taʼminlashga masʼul bo‘lgan organlarga aniq yo‘naltirilgan topshiriqlar berilganligini taʼkidlab o‘tdi. Shu bilan birgalikda bayram tadbirlarni o‘tkazish jarayonida jamoat tartibini saqlash va aholi xavfsizligini taʼminlash asosiy vazifalardan biri sifatida qayd etilganligi yig‘ilishda ishtirok etayotgan masʼullar eʼtiboriga yetkazilib, bunda ichki ishlar organlari umumiy koordinator sifatida belgilanganligi aytib o‘tildi.

Shundan kelib chiqqan holda Yangi yil archasi o‘rnatilgan hududga tutash avtomobil yo‘llarida transport vositalarining harakatlanishini o‘rnatilgan tartibda vaqtinchalik cheklash, Yangi yil archasi va Yangi yil savdo yarmarkasi tashkil etiladigan hududlarda yo‘l harakati va yong‘in xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya qilish, turli noxush holatlarning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha masʼullarga topshiriqlar berildi.

Bayram tadbirlari bo‘lib o‘tadigan hududlarda jamoat tartibini saqlash jarayonini tashkil etishda ilk marotaba intellektual kuzatuv kameralaridan foydalanish amaliyoti yo‘lga qo‘yilganligi va ushbu imkoniyatdan samarali foydalanish zarurligi uqtirildi.

Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.     

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech