30 Dekabr 2024 yil 2942

Kinologiya bo‘linmasining mukammal taʼmirlangan maʼmuriy va yordamchi binolari foydalanishga topshirildi

Xorazm viloyati IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasiga qarashli Kinologiya bo‘linmasi 2000 yillarda ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda hashar yo‘li bilan qurilgan binoda faoliyat yuritib kelayotgan edi. Deyarli 25 yil davomida kinolog-xodimlar va xizmat itlari uchun zamonaviy bino qurish imkoniyati yuzaga kelmagan edi. Tan olish kerakki Yangi O‘zbekistonda ichki ishlar organlari ham yangicha tus olmoqda, tizimning moddiy-texnik bazasini boyitish, zamonaviy bino-inshootlar va eng so‘nggi rusumdagi texnikalarni ajratilishi keskin ortib bormoqda.

Bundan qariyb bir yil oldin Kinologiya bo‘linmasi faoliyati bilan tanishgan Xorazm viloyati IIB boshlig‘i bo‘linma maʼmuriy va yordamchi xo‘jalik binolarini zamonaviy tipda mukammal taʼmirlash bo‘yicha masʼullarga aniq topshiriqlar bergan edi.

Shundan kelib chiqqan holda 5 oy muddatda Kinologiya bo‘linmasida mukammal taʼmirlash ishlari olib borildi.

Yangi yil bayrami arafasida taʼmirlash ishlari yakunlangan ushbu bino foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat IIB boshlig‘i, Kinologiya bo‘linmasi shaxsiy tarkibi va soha faxriylari ishtirok etdilar.

Milliy urf odatlarimizga ko‘ra ezgu niyatlar duosi ila ramziy lenta kesilgach, tadbir ishtirokchilari maʼmuriy binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.

Shuningdek tadbir ishtirokchilariga Kinologiya bo‘linmasi tomonidan erishilgan natijalar, shuningdek istiqboli va strategik rejalar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Xizmatli itlari yordamida namoyish etilgan ko‘rgazmali chiqishlar barchada katta taassurot qoldi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Kinologiya bo‘linmasida nafaqat shaxsiy tarkib shu bilan birgalikda xizmat itlarini saqlash, ularni parvarishlash, maxsus kurslar bo‘yicha o‘qitish va davolash uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlar to‘liq yaratildi. 

Aholiga tegishli bo‘lgan itlarni pullik xizmat asosida parvarishlash va maxsus kurslar bo‘yicha o‘qitish uchun alohida bino barpo etildi.

Tadbir yakunida qurilish taʼmirlash ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlaganligi uchun qurilish firmasi rahbariga minnatdorchilik bildirilib, to‘n kiydirildi.

Ushbu bino Kinologiya bo‘linmasi xodimlari uchun Yangi yil bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech