Xiva shahar IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi maʼmuriy binosi foydalanishga topshirildi
Yangi yil bayrami xivaliklar uchun kutilmagan sovg‘alarga boy bo‘ldi. Shulardan biri bu albatta mukammal taʼmirlanib foydalanishga topshirilgan Xiva shahar IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi maʼmuriy binosidir.
Ilgarigi ushbu binoda Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi xodimlari hamda murojaat bilan kelgan yurtdoshlarimiz va xorijlik sayyohlar uchun deyarli sharoit bo‘lmagan edi.
Shundan keyin ushbu binoni qayta taʼmirlash bo‘yicha smeta-loyiha hujjatlari ishlab chiqildi. Bunda asosiy eʼtibor bo‘linma xodimlari va murojaat qiluvchilar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratildi.
Taʼmirlash ishlari qisqa muddatda yakunlangan bo‘lsada, loyihada nazarda tutilgan barcha ishlar to‘liq bajarildi.
Mazkur binoning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda viloyat IIB boshlig‘i, Xiva shahar IIB shaxsiy tarkibi va soha faxriylari ishtirok etdilar.
Ramziy lenta kesilgach, mehmonlar binodagi xizmat xonalari va u yerdagi qulayliklar bilan bevosita tanishtirildi.
Xiva shahar IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasida amalga oshirilgan rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari natijasida Ichki ishlar bo‘limining asosiy maʼmuriy binosida Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi xodimlari uchun qo‘shimcha xizmat xonalarini ajratish imkoniyati yaratildi. Boshqarma boshlig‘i masʼullar hamrohligida ushbu xizmat xonalarini ham ko‘zdan kechirib, xodimlarning xizmat sharoitlari bilan tanishib chiqdi.
Shundan keyin tadbir yakunida anʼanaga ko‘ra mazkur binoda taʼmirlash ishlarini olib borgan qurilish korxonasi rahbariga minnatdorchilik bildirilib, to‘n va Xorazm milliy bosh kiyimi cho‘girma kiydirildi.
Endi xivaliklar o‘zlarining shaxsini tasdiqlovchi ID-kartalarini mana shunday shinam binoda rasmiylashtirib olishlari mumkin.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati