16 Yanvar 2025 yil 765

Xorazm viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati faoliyatini takomillashtirishga oid yangi loyihalar va tashabbuslar taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Xorazm viloyatida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ichki ishlar organlarining huquq-tartibot organlari va jamoatchilik tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini kuchaytirish borasida sohaviy va hududiy ichki ishlar organlari masʼul rahbarlari tomonidan viloyat IIB boshlig‘i huzurida 2025-yil uchun mo‘ljallangan ish rejalari va sohani yana-da takomillashtirishga oid yangi loyihalar hamda tashabbuslari taqdimoti bo‘lib o‘tmoqda.

Joriy yilning 15-yanvar kuni Xorazm viloyati IIB boshlig‘i huzurida viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati tarkibiga kiruvchi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi, Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi va Probatsiya bo‘limi masʼul xodimlarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Unda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan 2025-yilda  yo‘llarda harakat xavfsizligini namunali tarzda tashkil etish, yo‘l-transport  hodisalarining oldini olish, targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini amalga oshirish borasidagi yangicha yondashuvlar, sohaga innovatsion texnologiyalarni kengroq jalb etish, qoidabuzarliklarni inson omilisiz aniqlash tizimini joriy etish bo‘yicha rejalar taqdim etildi.

Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi masʼul xodimlarining taqdimotida ko‘cha va jamoat joylarida huquqbuzarliklarning oldini olishda intellektual kuzatuv kameralari imkoniyatlaridan yana-da kengroq foydalanish, shaxsiy tarkibning jismoniy, jangovar va kasbiy tayyorgarligini oshirish, jamoat tartibini saqlashda xizmat itlari va xizmat otlari imkoniyatlaridan ham unumli foydalanish masalalari, yirik savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida jamoat tartibini saqlash faoliyatini o‘zaro shartnoma asosida taʼminlash tizimini keng joriy etish bo‘yicha takliflar muhokama etildi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi masʼul xodimlari esa profilaktik tadbirlarni “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” tartibida tashkil etish, mahallalarni to‘liq intellektual kuzatuv kameralari bilan jihozlash, “Kelajak sari” va “Men kuchli ayolman” ijtimoiy-profilaktik loyihalarining qamrovini oshirish, profilaktika (katta) inspektorlarining jismoniy, jangovar va kasbiy bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘quv seminarlari tashkil etish bo‘yicha 2025-yil uchun mo‘ljallangan reja-dasturini taqdim etdilar.

Probatsiya bo‘limi masʼullari ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoga hukm qilingan shaxslarning o‘rnatilgan cheklovlarga qatʼiy rioya etishlarini taʼminlash, ularning xulqini ijobiy tomonga o‘zgartirish va ijtimoiy hayotga moslashtirish, ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularga nisbatan insonparvarlik prinsiplarini qo‘llashda qonuniylik va adolat tamoyillariga qatʼiy rioya etish, probatsiya organlari hisobida turgan shaxslar ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xorazm tajribasi” sifatida yaratilgan “Prob24” elektron dasturini to‘liq yuritilishini taʼminlash bo‘yicha 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar bo‘yicha taqdimot qildilar.

Jamoat xavfsizligi xizmati tarkibiga kiruvchi yuqoridagi sohaviy yo‘nalishlar bo‘yicha bo‘lib o‘tgan taqdimot yakunida viloyat IIB boshlig‘i o‘zining fikr-mulohazalarini bildirib, zarur tavsiya va topshiriqlar berdi.

 

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech