Xorazm viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev tomonidan Xonqa tumani Ichki ishlar bo‘limida tezkor yig‘ilish o‘tkazildi.
15-yanvar kuni Xonqa tumani Ichki ishlar bo‘limida Xorazm viloyati IIB boshlig‘i raisligida tezkor yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Xonqa tumani IIB boshlig‘ining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar rahbar va masʼul xodimlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Xonqa tumani IIB boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan podpolkovnik Ixtiyor Allaberganov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan uning vazifalarini vaqtinchalik bajarish tuman IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan podpolkovnik Sanjar Matyaqubov zimmasiga yuklatilganligi yig‘ilish ishtirokchilari eʼtiboriga yetkazildi.
Tanqidiy ruhda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat IIB boshlig‘i Xonqa tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan tuman hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, sodir bo‘lgan jinoyatlarni fosh etish, shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat va ijro intizomi hamda qonunchilikni mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni muhokama etdi.
Mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan masʼul rahbarlarning hisobotlari eshitildi.
Viloyat IIB boshlig‘i tomonidan yig‘ilishda joriy, 2025-yilda tuman hududida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha huquq-tartibot va nazorat organlari hamda hamkor tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, jamoat joylari, aholi gavjum bo‘ladigan maskanlar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari hamda mahallalarga intellektual kuzatuv kameralarini o‘rnatish va yagona kuzatuv markaziga integratsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni qisqa muddatda yakuniga yetkazish, deviant xulqli o‘smirlar va ijtimoiy hayotda nostandart vaziyatlar sababli tushkunlikka tushib qolgan ayollarni sog‘lom hayotga qaytarishda “Kelajak sari” va “Men kuchli ayolman” nomi ostida o‘tkazilayotgan ijtimoiy-profilaktik loyihalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati