25 Yanvar 2025 yil 3886

Xorazm viloyatida 2024-yil davomida ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 23-yanvar kuni Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasida 2024-yil yakunlari bo‘yicha viloyat ichki ishlar organlari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, jinoyatlarni barvaqt oldini olish, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasidagi faoliyat natijalarini tahlil qilish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilab olishga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Hisobot yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari general-mayor D.A.Nazarmuxamedov ishtirok etdi.

Tanqidiy va tahliliy ruhda bo‘lib o‘tgan hisobot yig‘ilishida  Xorazm viloyati IIB boshlig‘i birinchi o‘rinbosari polkovnik I,Tillayev axborot berib, 2024-yil davomida viloyatda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan tezkor-profilaktik chora-tadbirlar natijasida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar kamayishiga erishilgan bo‘lsada, ayrim turdagi jinoyatlar, xususan kibermakonda sodir etilgan jinoyatlar keskin oshib borayotganligi taʼkidlab o‘tildi. 

Erishilgan ijobiy natijalarda viloyat IIB tashabbusi bilan ijtimoiy hayotga tatbiq etilgan “Men kuchli ayolman”, “Kelajak sari” va “Maslahatchi-murabbiy” loyihalari ham muhim o‘rin tutganligi ko‘rsatib o‘tildi.  

Shuningdek yig‘ilish kun tartibidan o‘rin olgan  viloyat ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviy-maʼrifiy bilimlarini oshirish, ularni ona-Vatanga muhabbat, xizmat burchiga sadoqat ruhida tarbiyalash, shuningdek xizmat intizomi qonunchilikka rioya etilishini taʼminlash maqsadida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik M,Atabayevning hisoboti eshitildi.

Shundan keyin Vazir o‘rinbosari bugungi kunda asosiy vazifa ichki ishlar organlarini aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatadigan, har bir xodimi tomonidan «Xalq manfaatlariga xizmat qilish»ni o‘z xizmat burchi deb biladigan ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish ekanligini, buning uchun esa intellektual va professional bilim darajasi, maʼnaviy-axloqiy saviyasi yuqori bo‘lgan kadrlarni tayyorlash bo‘yicha sifat jihatidan yangi tizim joriy etilganligini alohida taʼkidlab, boshqarma tomonidan ishlab chiqilgan barcha loyihalarni to‘la qo‘llab-quvvatlashini, bu kabi ijobiy loyihalarni ijtimoiy hayotga yana-da ko‘proq joriy etish yuzasidan tavsiya berdi.

Yig‘ilish yakunida viloyat IIB boshlig‘i polkovnik R,I.Sultanxodjayev 2025-yilda viloyat ichki ishlar organlari tomonidan Davlat va Hukumat hamda Vazirlik topshiriqlari ijrosini so‘zsiz bajarib,  jamoat tartibi va aholi xavfsizligini taʼminlash, shuningdek jinoyat va huquqbuzarlarning oldini olish uchun barcha kuch va vositalar to‘liq safarbar etilishini bildirdi.

Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech