8 Mart 2025 yil 2496

Urganch shahrida jamoat tartibini saqlash va aholi xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan “Xavfsiz hudud” va “Xavfsiz tun” maxsus profilaktik tadbiri amalga oshirilmoqda

Joriy yilning 8-mart kuni IIV va viloyat IIB masʼul xodimlari tomonidan Urganch shahrida ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya shaxsiy tarkibi ishtirokida “Xavfsiz hudud” va “Xavfsiz tun” maxsus profilaktik tadbirlari amalga oshirilishi munosabati bilan xizmat oldi yo‘riqnomasi o‘tkazildi.

Yo‘riqnomada Vazirlik va boshqarma masʼul xodimlari tomonidan maxsus profilaktik tadbirdan ko‘zlangan maqsad hamda tadbirlarning sifat va samaradorligini taʼminlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar to‘g‘risida shaxsiy tarkibga aniq topshiriqlar berildi.

 Xususan, davlat va nodavlat tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish taʼkidlandi.

Shundan keyin barcha kuch va vositalar belgilangan topshiriqlarni bajarishga jalb etildi.

Bunda asosiy eʼtibor o‘g‘rilik, firibgarlik va tan jarohati bilan bog‘liq hamda ayollar va voyaga yetmaganlar ishtirokidagi, shuningdek, oila-turmush doirasidagi jinoyatlarning barvaqt oldini olish maqsadida kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan mahallalarda patrullik naryadlari tashkil etildi.

Aholi xonadonlari, savdo do‘konlari va boshqa obyektlarida texnik qo‘riqlashni joriy etish va ularga kuzatuv kameralarini o‘rnatish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.

Probatsiya organlari hisobida turgan shaxslarning o‘rnatilgan cheklovlarga rioya etishlari nazorat tartibida o‘rganildi.

Bundan tashqari yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida nazorat-reyd tadbirlari kuchaytirilib, qo‘pol qoidabuzar haydovchilarni aniqlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Shu bilan birgalikda maxsus profilaktik tadbir davomida tergov va sud organlaridan bo‘yin tovlab yurgan hamda bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirish va ushlash bo‘yicha tezkor tadbirlar belgilab olindi.

Bu kabi maxsus profilaktik tadbirlarni viloyatning barcha shahar va tumanlarida amalga oshirish rejalashtirilgan.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech