Xorazm viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Abdumajid Shermuxamedovning “Navro‘z" umumxalq bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigi
Assalomu alaykum, hurmatli hamkasblar, aziz faxriylarimiz!
Mana shu go‘zal va hayajonli damlarda Sizlarni ulug‘ ayyom – Navro‘z bayrami bilan samimiy tabriklayman.
Bugun viloyatimizning shahar va qishloqlari, bog‘ va maydonlarida katta shod-u xurramlik bilan Navro‘z sayillari o‘tkazilmoqda. Qalblarimiz quvonchga to‘lib turgan ushbu dilbar lahzalarda barcha hamkasblarimizni, qadrli faxriylarimizni, shuningdek xizmat vazifasini bajarish paytida halok bo‘lgan kasbdoshlarimizning oila aʼzolarini chin dildan qutlab, barchangizga yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman. Sharqona yangi yilimiz muborak bo‘lsin! Navro‘zi olamning qadami qutlug‘ kelsin!
Xalqimizda tinch va osuda yurtga bayramlar, to‘ylar yarashadi degan purmaʼno ibora bor. Yurtimiz tinchligini taʼminlashda ichki ishlar organlarining har bir xodimi o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shu bilan birgalikda Xorazm viloyatida kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan mahallalarda faoliyat olib borayotgan yosh profilaktika inspektorlariga o‘zlarining boy hayotiy va ish tajribalaridan kelib chiqqan holda maslahatchi-murabbiy sifatida yaqindan yordam berib kelayotgan ichki ishlar organlari faxriylarining fidoyiligi alohida eʼtirofga loyiq.
Ushbu qutlug‘ ayyomda Vatan ravnaqi yo‘lida qilayotgan munosib xizmatingiz uchun barchangizga minnatdorchilik bildiraman.
Qadrli hamkasblar!
Barchangizni Navro‘z umumxalq bayrami bilan yana bir bor tabriklayman. Fasli navbahor har bir oilaga, elu yurtimizga tinchlik va farovonlik, baxtu saodat olib kelsin!
Hurmat bilan,
Xorazm viloyati IIB boshlig‘i,
polkovnik
Shermuxamedov Abdumajid Mavlyanovich