Voleybol federatsiyasi Xorazm viloyati hududiy bo‘limining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda sportni ommalashtirish, yoshlarni sport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlarni yaxshilash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Xususan, voleybol sport turini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida mamlakatmiz nufuzli musobaqalariga mezbonlik qilmoqda, eng muhimi voleybol aholi orasida ommalashib bormoqda.
Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasida voleybol federatsiyasi Xorazm viloyati hududiy bo‘limi vakillari, voleybol bilan faol shug‘ullanuvchi yosh sportchilar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Abdumajid Shermuxamedov nomzodi O‘zbekiston voleybol federatsiyasi Xorazm viloyati hududiy bo‘limi raisi lavozimiga taklif etildi va ishtirokchilar tomonidan bir ovozdan maʼqullanib, bo‘lim raisligiga saylandi.
Shuningdek, yig‘ilishda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-apreldagi “Mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlarni ommaviy sportga keng jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-201-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida sportning voleybol turi bo‘yicha “Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqasini yuqori saviyada o‘tkazishga oid chora-tadbirlar muhokama etilib, masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati