IIV Xorazm akademik litseyi o‘quvchilarining axborot texnologiyalar va kibermakon to‘g‘risidagi bilimlarni puxta egallashlari uchun qulay imkoniyat yaratiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun professional kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2025 yil 22 yanvardagi PQ-17-son Qarori hamda Ichki ishlar vazirligining tegishli ko‘rsatmasi ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 9 aprel kuni IIV Xorazm akademik litseyi va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandumga ko‘ra, endilikda tomonlar taʼlim va ilmiy-amaliy faoliyatni targ‘ib qilish va ommalashtirishda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va faol hamkorlikni taʼminlash, shuningdek sheriklik asosida, mavjud bo‘lgan axborot, huquqiy, ilmiy va tashkiliy, o‘quv-uslubiy resurslardan foydalanish huquqiga ega bo‘ldilar.
Bundan tashqari raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash doirasida birgalikdagi tadbirlarni rejalashtirish va amalga oshirish, shu jumladan axborot texnologiyalari, dasturlash va kiberxavfsizlik sohalarida hamda taʼlim dasturlarini hamkorlikda ishlab chiqish, amaliyotni tashkil etish, litsey o‘quvchilarini Oliy taʼlim muassasalariga tayyorlash va maqsadli yo‘naltirishga kelishib olindi.
O‘zaro hamkorlik natijasida akademik litsey o‘quvchilarining axborot texnologiyalar va kibermakon to‘g‘risidagi bilimlarini yana-da boyitish, 2025-2026-o‘quv yilidan kiberxavfsizlik yo‘nalishida chuqur bilim olishlari uchun yana-da katta imkoniyatlar yaratiladi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati