4 May 2025 yil 110

“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik oyligi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda

Xorazm viloyatida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik oyligi doirasidagi tadbirlar izchillik bilan davom etmoqda.

Bu boradagi chora-tadbirlar "mahallabay" tartibida tashkil etilib, rahbariyat tomonidan nazorat tartibida o‘rganilib, zarur tavsiya va topshiriqlar berib kelinmoqda.

Xususan, Xorazm viloyat IIB boshlig‘i tomonidan Xonqa tumanining “Mustaqillik” mahallasida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbiri doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar manzilli tarzda o‘rganildi.

Mahalla yettiligi bilan bo‘lib o‘tgan suhbat jarayonida mahalladagi kriminogen vaziyat, aholining ijtimoiy ahvoli, mahallada yangi ish o‘rinlarini yaratish, xotin-qizlar va yoshlarni yangi kasblarga o‘qitish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi.

Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3 yanvar kunidagi «2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi qarori ijrosini taʼminlash borasida mahalla yettiligi hamda tuman va viloyat miqyosidagi rahbar xodimlar tomonidan o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan amaliy ishlar muhokama etildi.

Shuni taʼkidlash lozimki “Mustaqillik” mahallasi 2024 yilda kriminogen vaziyati og‘ir mahalla deb topilgan, shundan kelib chiqqan holda joriy yilda masʼul rahbarlar tomonidan mahalla uchun alohida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, profilaktik ishlar tizimli ravishda amalga oshirilishi natijasida joriy yilning o‘tgan davrida mazkur mahallada jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Mahalladagi o‘rganishlar yakunida viloyat IIB boshlig‘i tomonidan masʼul xodimlarga chora-tadbirlarning sifat va samaradorligini oshirishga qaratilgan tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.     

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech