12 May 2025 yil 211

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlar fosh etildi

Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbiri doirasida Xorazm viloyatida ichki ishlar organlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan o‘zaro hamkorlikda bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar fosh etildi.

Jumladan, joriy yilning 6-may kuni Xorazm viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati va DXX viloyat boshqarmasi tomonidan olingan tezkor maʼlumotlar asosida Urganch shahrining Termiz ko‘chasida istiqomat qiluvchi, 2003-yilda tug‘ilgan, Z.B. ning yashash xonadonida xolislar ishtirokida tintuv o‘tkazildi. Olingan maʼlumotlar tintuv jarayonida o‘z tasdig‘ini topdi, yaʼni ushbu shaxs uyining yotoqxonasida 76,6 gramm “gashish” giyohvandlik vositasini kelgusida o‘tkazish maqsadini ko‘zlab saqlab kelayotganligi maʼlum bo‘ldi va ushbu giyohvandlik vositasi o‘rnatilgan tartibda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, Shovot tumani IIB Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan joriy yilning 10-may kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyat fosh etildi.Yaʼni, Urganch shahrida joylashgan, asosan tungi paytda faoliyat olib boruvchi “Saxara” kafesida ishlovchi, Urganch shahrining N.Kubro ko‘chasida yashovchi, 2001-yilda tug‘ilgan, E.A. kafe mijozlariga giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazib kelayotganligi to‘g‘risida olingan maʼlumotlar asosida nazorat ostidagi tezkor tadbir o‘tkazildi va unda E.A. navbatdagi “xaridorga  umumiy vazni 0,31 gramm bo‘lgan “gashish” giyohvandlik vositasini 1 500 000 so‘mga sotayotgan paytida jinoyat ustida qo‘lga olindi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati       

Text to speech