Xotira - abadiy, qadr - muqaddas
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi Xorazm akademik litseyida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu muhim sana munosabati bilan tashkil etilgan tadbirga litsey o‘qituvchi va o‘quvchilari bilan birgalikda ichki ishlar organlarining xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarining oila aʼzolari hamda ichki ishlar organlari faxriylari ham taklif etildi.
Tadbir davomida Vatan tinchligi va xalq osoyishtaligi yo‘lida jonini fido qilgan mard o‘g‘lonlar xotirasi hurmat bilan yod etildi. Ularning fidoyiligi va jasorati yoshlarimiz uchun ibrat maktabi ekani taʼkidlandi. Litsey o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar, vatanparvarlik ruhidagi sheʼrlar va sahna ko‘rinishlari mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Tadbir yakunida marhum xodimlarning oila aʼzolariga hamda ichki ishlar organlarining faxriylariga esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir ishtirokchilari bu kabi eʼtibor va ehtirom insonparvarlikning yorqin namunasi ekanini alohida taʼkidlashdi.
Xotira va qadrlash kuni - bu o‘tganlarni yodga olish va bugungi tinch hayot uchun minnatdorlik ifodasi bo‘lishi bilan birgalikda, yoshlarning qalbidagi vatanparvarlik tuyg‘ularini yana-da yuksaltirishga xizmat qiladi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati