22 May 2025 yil 500

Tintuv jarayonida 200 gramm “opiy” ashyoviy dalil tariqasida olindi

Giyohvandlik – asr vabosi. Shu bois giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni vabo tarqatuvchilarga qiyoslasak hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shundan kelib chiqqan holda Xorazm viloyatida ichki ishlar organlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan birgalikda  “Qoradori-2025” tezkor-profilaktik tadbiri doirasida giyohfurushlarni aniqlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Hazorasp tumani IIB Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan  Hazorasp tumanining “Buyuk ajdodlar” mahallasida istiqomat qiluvchi, 1972 yilda tug‘ilgan shaxs, ilgari giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsada, bundan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarib olmasdan, yana qonunga xilof ravishda giyohvandlik vositalarini sotish bilan shug‘ullanib kelayotganligi to‘g‘risida maʼlumot olinadi.

Mazkur maʼlumot asosida joriy yilning 21 may kuni gumondorning uyida xolislar ishtirokida tintuv o‘tkazildi.

Olingan tezkor maʼlumotlar tintuv jarayonida to‘liq tasdiqlandi, yaʼni gumondor uyining garajida 38 ta polietilen bo‘lagiga alohida-alohida qadoqlangan umumiy vazni 200 gramm bo‘lgan “opiy” giyohvandlik vositasini o‘tkazish maqsadida saqlab qo‘yganligi maʼlum bo‘ldi. Shuningdek giyohvandlik vositasini yonida kichik hajmli ashyolarni o‘lchash uchun mo‘ljallangan elektron tarozi ham borligi aniqlandi.

Ushbu giyohvandlik vositasi va elektron tarozi ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25-273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishildi, gumonlanuvchi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech