5 Iyun 2025 yil 282

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Abdumajid Mavlyanovich Shermuxamedovning ulug‘ ayyom - Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi

Assalomu alaykum!

Xorazm viloyati ichki ishlar organlarining barcha shaxsiy tarkibini, aziz faxriylarimizni hamda yurtimiz tinchligini himoya qilib, xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan xodimlarimizning oila aʼzolarini ulug‘ ayyom – Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Hozirgi g‘oyat murakkab va tahlikali zamonda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida ichki ishlar organlari xodimlarining fidokorona xizmatlari mujassam desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda o‘zining navqiron yoshligi va kuch-quvvatini yurt tinchligini taʼminlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishga bag‘ishlagan bo‘lsalarda, hali hanuz ichki ishlar organlarining yosh xodimlarga o‘zlarining boy hayotiy va ish tajribasini o‘rgatib kelayotgan sohamiz faxriylariga ham alohida minnatdorchilik bildiraman.

Bugungi qutlug‘ ayyomda o‘z jonini ona yurt uchun qurbon qilgan hamkasblarimizning ruhi poklari oldida bosh egib taʼzim qilamiz, ularning nomlari qalbimizda abadiy yashaydi. 

Ishonamanki, o‘zaro hamkor tashkilotlar va keng jamoatchilik bilan birgalikda amalga oshirayotgan saʼy-harakatlarimiz viloyatimizni jinoyat va huquqbuzarliklardan batamom holi hududga aylantirish, pirovard natijada xalqimizning tinch, erkin va farovon hayotini, farzandlarimizning yorug‘ kelajagini taʼminlash yo‘lida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Qadrli hamkasblar, hurmatli faxriylar!

Barchangizni muqaddas Qurbon hayiti bayrami bilan yana bir bor tabriklayman.

Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka hech qachon arimasin!

Hurmat bilan,

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i,

polkovnik

Abdumajid Mavlyanovich Shermuxamedov

Text to speech