5 Iyun 2025 yil 286

Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Xorazm viloyatidagi kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar manzilli o‘rganildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-sonli Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Xorazm viloyatidagi 70 ta mahallada kriminogen vaziyati murakkab deb topilib, ushbu mahallalarga masʼul rahbarlar biriktirilgan.

Joriy yilning 4-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Ayubxon Rahmatullayev rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Xorazm viloyatidagi kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan Urganch shahridagi “Nurli hayot”, “Do‘stlik”, “Mashʼal”, Xonqa tumanidagi “Gulg‘uncha” va Xiva shahridagi “Gazchilar” mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar manzilli tarzda o‘rganildi.

Ishchi guruh tomonidan mazkur mahallalarga biriktirilgan masʼullar va mahalla yettiligi ishtirokida huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan ijtimoiy-profilaktik chora-tadbirlar reja-dasturining ijrosi tahliliy o‘rganildi.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlarga qaramasdan joriy yilning o‘tgan davrida Urganch shahridagi “Do‘stlik” va Xonqa tumanidagi “Gulg‘uncha” mahallalarida qasddan odam o‘ldirish jinoyati sodir etilganligi bois masʼullarning faoliyati tanqidiy baholandi.

O‘rganishlar natijasidan kelib chiqib, kelgusida mahallalarda jinoyatlarning barvaqt oldini olishga qaratilgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida masʼul rahbarlarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech