Urganch tumanida “Yurt tinchligi, xalq farovonligi sari” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbiri boshlandi
Joriy yilning o‘tgan 5 oyida Xorazm viloyatining Urganch tumanida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida amalga oshirilgan bir qator chora-tadbirlarga qaramasdan, tumanda jinoyatlar salmog‘i yuqoriligicha qoldi.
Shundan kelib chiqqan xolda Urganch tumanida jinoyatlarning barvaqt oldini olish, aholining turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan ijtimoiy-profilaktik chora-tadbirlarni yangicha yondashuv asosida amalga oshirish belgilab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 18 mart kunidagi kriminogen vaziyatni kundalik tahlil qilish va manzilli nazorat tadbirlarini amalga oshirishga qaratilgan PQ-111*-sonli qarori ijrosiga asosiy ustuvorlik berildi.
Farmoyishiga ko‘ra, joriy yilning 15 iyun kunidan 25 iyun kuniga qadar Urganch tumani hududida “Yurt tinchligi, xalq farovonligi sari” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirini o‘tkazish va uning samarali ijro etilishiga Xorazm viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari masʼul etib belgilandi.
Dastlab, Xorazm viloyati IIB va Urganch tumani IIB sohaviy xizmatlari masʼul xodimlaridan iborat bo‘lgan ishchi guruh tomonidan 17 ta yo‘nalish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlarga kirishilishi munosabati bilan Urganch tumanida huquq-tartibot va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi subyektlarning masʼul xodimlari ishtirokida qo‘shma xizmat oldi yo‘riqnomasi o‘tkazildi. Urganch tumanidagi tezkor-profilaktik tadbirlarning qamrov doirasini kengaytirish va qisqa muddatda yuqori samaradorlikka erishish maqsadida viloyat IIB ning turli sohaviy xizmatlaridan qariyb 150 nafar xodimlar Urganch tumaniga qo‘shimcha ravishda safarbar qilindi.
“Yurt tinchligi, xalq farovonligi sari” shiori ostida Urganch tumanida 10 kun davomida giyohvandlik, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlarni, shuningdek o‘qotar qurollar va ularning o‘q-dorilarini noqonuniy ravishda saqlab kelayotgan shaxslarni aniqlashga qaratilgan tezkor-profilaktik tadbirlar kuchaytirilgan xolda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari ko‘ngilochar joylarda yaʼni tungi klublar, saunalar, SPA salonlar, sog‘lomlashtirish joylarida nazorat-reyd va profilaktik tadbirlar o‘tkaziladi.
Ruhiy-asab kasalligi, giyohvandlik va alkogolizmga ruju qo‘yganligi uchun dispanser nazoratiga olingan shaxslar bilan ichki ishlar va sog‘liqni saqlash organlari tomonidan o‘zaro hamkorlikda profilaktik-davolash tadbirlari o‘tkaziladi.
Tumanda oldingi yillardan fosh etilmasdan qolgan jinoyatlarni fosh etish, tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan shaxslarni ushlash, bedarak yo‘qolganligi uchun qidirilayotgan shaxslarni aniqlashga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshiriladi.
Tumandagi barcha mahallalarda, mehnat jamoalarida va aholi gavjum bo‘ladigan maskanlarda axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan yangi turdagi jinoyatlar to‘g‘risida huquqiy targ‘ibot uchrashuvlari o‘tkaziladi, targ‘ibot tadbirlarning qamrovini oshirish maqsadida har bir mahalla kesimida ijtimoiy tarmoq messenjerlarida tashkil etilgan guruhlarda onlayn targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishga xam alohida eʼtibor qaratiladi.
Cho‘milish uchun xavfli bo‘lgan ochiq suv havzalari va kanallar bo‘yida patrullik naryadlari tashkil etilib, suvda cho‘kish holatlarining oldini olishga qaratilgan reyd va profilaktik ogohlantiruv ishlari olib boriladi.
Tuman hududida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida ichki ishlar organlarining “Hamkor” guruhi tomonidan kuchaytirilgan tartibda nazorat-reyd tadbirlari o‘tkaziladi. Shu bilan birgalikda, tuman hududidagi avtomobil taʼmirlash ustaxonalari faoliyati o‘rganilib, ishchilarga huquqiy tushuntirishlar beriladi.
Mahalla yettiligi bilan o‘zaro hamkorlikda notinch va ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar hamda “Himoya orderi” berilgan xotin-qizlar bilan manzilli tarzda profilaktik suhbatlar o‘tkaziladi.
Kriminogen vaziyat tahlilidan kelib chiqqan holda tumandagi ko‘p qavatli uylar joylashgan hududlarga qo‘shimcha ravishda intellektual kuzatuv kameralari va “Tashvish tugmasi” o‘rnatish, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari hamda aholi xonadonlarini texnik qo‘riqlovga olish jarayonlari izchillik bilan olib boriladi.
Urganch tumani hududida xavfsiz muhitni yaratish, jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni taʼminlash va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida hamkorlikda amalga oshirilgan chora-tadbirlar ishchi guruh tomonidan kunlik tahlil etib borishi belgilangan.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati