19 Iyul 2025 yil 2257

Soha fidoyilari: Yuksak dovonlarni ko‘zlayotgan ayol

Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan leytenant Yulduz Hamdamova Urganch temir yo‘l bekatidagi tarmoq ichki ishlar bo‘limida tergovchi lavozimida xizmat faoliyatini boshladi. Tergovchining vazifasi ancha masʼuliyatli va o‘ziga xos murakkabdir. Chunki uning birgina xatosi insontaqdiriga, uning kelajagiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Buni yaxshi anglagan leytenant Yu. Hamdamova tergov jarayonlarida ayblanuvchi shaxslarning hatti-harakatlarini, guvohlarning ko‘rsatmalarini, hodisa joyidan olingan ashyoviy-dalillarni atroflicha o‘rganib chiqib, to‘g‘ri va xolisona xulosa chiqarishga harakat qildi. Jinoyat qidiruv, profilaktika xizmatlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari bilan yaqin hamkorlikda ishladi va tergov jarayonlarini aniq dalillarga tayangan holda olib bordi.Bu saʼy-harakatlar natijasida jinoyat ishlari puxta yakunlanib, sud organlari tomonidan ijobiy baholandi. Eng eʼtiborlisi, jinoyat surishtiruvlari davomida ko‘plab qo‘shimcha jinoyatlar aniqlanishiga erishildi va aybdorlarning pinhoniy qilmishi fosh etildi. Kasbga sadoqat, xizmat burchiga masʼuliyat bilan yondashish uning tajribali tergovchi sifatida shakllanishida muhim omil bo‘ldi.

Shundan so‘ng u biroz muddat viloyat IIB MMI va KBTX xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha bosh inspektori lavozimida ham samarali xizmat qildi. Ayniqsa, ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, intellektual salohiyatini, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, savodxonligini oshirish, xizmat va yashash sharoitlarini yaxshilash, muammolarini o‘rganib ularga ijobiy yechim topish, xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratdi. Shuningdek, ilmiy izlanish va tadqiqot ishlarini olib borayotgan xodimalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular bilan tajribali mutaxassislarni jalb qilgan holda o‘quv mashg‘ulotlari, turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar uyushtirishga harakat qildi. Natijada sohaningko‘plab xodimalari turli yo‘nalishlarda o‘z bilim va iqtidorlarini namoyish etib, nufuzli festivallar, tanlov va bellashuvlar g‘olibi bo‘lishdi. Xizmat faoliyati davomida ijobiy natijalarga erishgan podpolkovnik Yu. Hamdamova ichki ishlar vazirligining faxriy yorlig‘i, ko‘krak nishonlari hamda esdalik qo‘l soati bilan taqdirlandi.

Ayni paytda lavhamiz qaxramoni viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasida katta inspektor lavozimida xizmat qilmoqda. Mehnat faoliyati naqadar mashaqqatli bo‘lmasin, u ilmiy ish bilan shug‘ullanishda davom etdi. Aslida tergovchi bo‘lib ishlayotgan davrlarida viloyat IIB nashri “Osoyishtalik uchun” gazetasida yigirmadan ortiq ichki ishlar organlari tarixiga oid maqolalarining chop etilishi hamda “Mehnat va jangovar shuhrat” muzeyida jamoatchilik asosida gid vazifasini o‘taganiuning kelgusidagi ilmiy ishini boshlashida turtki bo‘lgan bo‘lsa ajabmas. Xullas, izlangan imkon topar, deganlaridek bir necha yillik saʼy-harakatlar o‘z natijasini berdi. Yaqinda u “O‘zbekiston ichki ishlar organlarining shakllanishi va faoliyati (1925-1991 yillar, Xorazm viloyati misolida)” mavzuidagi ilmiy ishini muvaffaqiyatli yoqladi va tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘ldi.

-Birinchi galda ustozim va ilmiy rahbarim Abu Rayxon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti professori, tarix fanlari doktori Sanjarbek Davletovdan minnatdorman,-deydi podpolkovnik Yulduz Hamdamova. -Ustoz rahbarligida bir necha yil tadqiqot ishlarini olib  bordim. Ilmiy anjuman, seminar va konferensiyalarda qatnashdim. Mamlakatimizdagi hamda xorijiy davlatlardagi nufuzli nashrlarda ilmiy maqolalarim chop etildi. Intilishlarim, izlanishlarim zoye ketmadi. Meni qo‘llab-quvvatlagan barcha ustozlarimga-otam Ravshanbek Abdullayev, onam Rohat Masharipova, turmush o‘rtog‘im Shovot tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, podpolkovnik Dilshod O‘rinov, qatag‘on qurbonlari muzeyi direktori Yulduz Raxmanova, Maʼmun Akademiyasi ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Umid Bekmuhammadlarga samimiy minnatdorligimni bildiraman.

Oiladagi ayollik vazifasi, farzandlar tarbiyasi, shu bilan birga ichki ishlar organlaridagi xizmat burchiga sodiq qolgan holda ilmiy ishga qo‘l urishi va uni muvaffaqiyatli yoqlashi - bu chinakam jasorat.

Xullas, yurtimiz osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli kasb egasi, podpolkovnik Yulduz Hamdamova mamlakatimiz olimlari safiga qo‘shildi va u o‘z oldiga qo‘ygan ilk dovondan oshdi. Oldinda esa yana-da yuksak dovonlar bo‘y cho‘zib turibdi. U bu dovonlarni ham muvaffaqiyat bilan zabt etishiga ishonchimiz komil.

 

                                                                                 Komil OSTONAYEV,

                                                                                        jurnalist.

Text to speech