«Eng yaxshi ekspert-kriminalist» ko‘rik-tanlovining Xorazm viloyati bosqichi o‘tkazildi
Xorazm viloyati IIB Ekspert-kriminalistika xizmati xodimlari o‘rtasida «Eng yaxshi ekspert-kriminalist» ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat ichki ishlar organlarining barcha ekspert-kriminalistlari ishtirok etib, o‘z bilim va mahoratini namoyish qildi.
Tanlov uch bosqichdan iborat bo‘ldi. Birinchi shartda ishtirokchilar belgilangan vaqtda Kalashnikov avtomati va Makarov pistoletini qismlarga ajratish hamda qayta yig‘ish amaliyotini bajarishdi. Ikkinchi bosqichda maʼnaviy-maʼrifiy yo‘nalish, xizmat tayyorgarligi va sohaviy bilimlar bo‘yicha test sinovlari o‘tkazildi. Yakuniy bosqichda esa xodimlar o‘z sohasi bo‘yicha og‘zaki savol-javob tarzida sinovdan o‘tkazildi.
Natijaga ko‘ra, 3-o‘rinni Hazorasp tumani IIB Ekspert-kriminalistika guruhi katta eksperti, katta leytenant Sanjar Ibragimov, 2-o‘rinni Urganch shahar IIB Ekspert-kriminalistika guruhi eksperti, katta leytenant Jo‘rabek Jumaniyozov egalladi. Faxrli 1-o‘rinni Urganch tumani IIB Ekspert-kriminalistika guruhi katta eksperti, katta leytenant Shaxzod Soliyev qo‘lga kiritdi. Ko‘rik-tanlov g‘oliblariga respublika bosqichiga yo‘llanma berildi.
Mazkur tanlov ekspert-kriminalistlar bilim va malakasini oshirish, sog‘lom raqobatni shakllantirish hamda sohada malakali kadrlar safini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati