Urganch shahridagi mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda
Joriy yilning 11 sentyabr kuni Urganch shahrining “Mustaqillik” MFY hududida “Payshanba – huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” munosabati bilan Urganch shahar hokimi B.Radjabov, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik G‘.Sharipov, IIV Akademiyasi fakultet boshlig‘i, polkovnik B.Adilov boshchiligida tashkiliy-profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Urganch shahrining huquqbuzarliklar profilaktikasiga masʼul idora va tashkilot rahbarlari hamda masʼul xodimlari ishtiroki taʼminlandi.
Tadbirda so‘zga chiqqan masʼul rahbarlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 03.01.2025 yildagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son, 18.08.2025 yildagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimi natijadorligini yana-da oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi PQ-253-son Qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 30.11.2024 yildagi “«Obod va xavfsiz mahalla» tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 801-son Qarori asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi kunini samarali tashkil etish lozimligi taʼkidlandi.
Ushbu tadbirda ayniqsa Urganch shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, Qo‘riqlash bo‘limi, tibbiyot birlashmasi shifokor va patronaj-hamshiralari, shuningdek shahardagi boshqa mahalla raislari hamda profilaktika inspektorlarining ishtiroki taʼminlanib, jinoyatchilikni barvaqt oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar o‘tkazish kelishib olindi.
O‘tkazilgan tadbir yakunida masʼullar tomonidan tashkiliy-profilaktik tadbirlarni samarali tashkil etish borasida topshiriqlar berib o‘tildi, jumladan ijtimoiy profilaktika tadbirlaridan:
Doimiy yashash manzillaridan uzoq muddatga chet elga ketgan va qaytib kelgan shaxslar va ularning oila aʼzolari bilan suhbatlar o‘tkazish orqali muammolarini o‘rganib, ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirishga yo‘naltirish, spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki inson aql-irodasiga taʼsir etuvchi boshqa moddalarga qaram bo‘lib qolgan shaxslarning turmush tarzi, xulq-atvori va oilaviy sharoitini o‘rganadi, ular bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazish, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan va profilaktik hisobda turgan, shuningdek Probatsiya nazoratidagi shaxslarning turmush tarzi, xulq-atvori, oilaviy sharoiti va kasbiy layoqatini o‘rganish orqali hokim yordamchisi tomonidan ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish hamda bandligini taʼminlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilishida yordam berish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga ruju qo‘ygan shaxslarning turmush tarzi, xulq-atvori va oilaviy sharoitlarini o‘rganish, ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazib, ushbu o‘yinlarning salbiy oqibatlarini va javobgarlikni tushuntirish, g‘ayriijtimoiy xulq-atvorli shaxslarning turmush tarzi, xulq-atvori va g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarining sabablarini o‘rganish, ular bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazish, ularni sog‘lom hayotga qaytarish hamda bunday salbiy xatti-harakatlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish, ayniqsa mahalla faollari, nuroniylar, imom-xatib va otinoyilar ishtirokida ajrim yoqasiga kelib qolgan va nizoli oilalar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazish, nizolarning sabablarini aniqlash, ular bartaraf etish maqsadida mahalla raisi bilan hamkorlikda «Sog‘lom oila — sog‘lom jamiyat» tamoyillarini tushuntirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatishni ijtimoiy xodim bilan birgalikda tashkil etish, shu bilan birgalikda ariza va shikoyatlar bo‘yicha murojaat mualliflari bilan qiynayotgan muammolari bo‘yicha suhbat o‘tkazish va ularga yechim topish, jinoyat sodir etilishi ehtimoli yuqori bo‘lgan joylar hamda ko‘p qavatli uylarni aniqlash orqali ular atrofida “tashvish” tugmalarining o‘rnatish borasida takliflar berish hamda mahalla hududida ijara shartnomasi tuzmasdan boshqa tuman va viloyatdan kelib hech qanday aniq bir maqsadsiz yashab yurgan shaxslarni aniqlash hamda ularga va xonadon egalariga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish kabi bir qator vazifalar belgilab berildi.
Shu bilan birgalikda masʼul xodimlarga jinoyatchilikni barvaqt oldini olish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini jadallashtirish, ayniqsa ushbu tadbirlarga ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq faollarini, jumladan blogerlarni faol jalb etish lozimligi taʼkidlab o‘tildi.
Tashkiliy-profilaktik tadbirlar davomida masʼullar “xonadonbay” va “fuqarobay” ishlash mexanizmi orqali ijtimoiy profilaktika tadbirlari o‘tkazilayotgan shaxslar bilan xonadonlarga borgan holda muammolari o‘rganib chiqildi va “E-ijtimoiy profilaktika”dasturi orqali kerakli idora va tashkilotlarga muammo yechimlarini topish maqsadida yo‘naltirildi.
Amalga oshirilgan va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar Urganch shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda atroflicha tahlil etildi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan IIV Akademiyasi fakultet boshlig‘i, polkovnik B.Adilov tomonidan shaharning kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan “Mustaqillik” MFY hududida yuqoridagi Qaror talablari asosida bir qator manzilli chora-tadbirlar tashkil etish kerakligi, jumladan mahallada xavfsiz muhitni yaratish maqsadida choraklik va oylik “yo‘l xarita”larida belgilangan vazifalar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi lozimligi taʼkidlab o‘tdi.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra masʼul idora va tashkilot rahbarlariga yuqoridagi talablardan kelib chiqqan holda ishni to‘g‘ri tashkil etish va mahallada jinoyatchilikni barvaqt oldini olish bo‘yicha bir qator topshiriqlar berildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati