Rasmiy munosabat: YPX inspektori tomonidan avtomashinaning old oynasi sindirilgani aks etgan videolavha yuzasidan
Ijtimoiy tarmoqlardagi Urganch shahrida YPX inspektori tomonidan “Cobalt” rusumli avtomashinaning oldi oynasi sindirilganligi va shundan keyin avtomashina harakatni davom qildirib ketganligi aks etgan videolavha Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi.
Joriy yilning 9-sentabr kuni Xorazm viloyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bog‘lovchi "Cholish" to‘siq-postida xizmat olib borayotgan YPX inspektori shu to‘siq-post orqali orqali Xorazm viloyatiga kirib kelayotgan “Cobalt” rusumli 95 B 905 TA davlat raqam belgili avtomashina haydovchisiga to‘xtash ishorasini bergan bo‘lsada, mazkur avtomashina haydovchisi YPX inspektorining qonuniy talabini bajarmasdan, Urganch shahri tomon harakatlanishni davom qildirgan. Shundan keyin, YPX inspektori tomonidan aloqa vositasi orqali berilgan xabarga asosan, Urganch tumanida xizmat olib borayotgan boshqa bir YPX inspektori ushbu avtomashinani to‘xtatish maqsadida uni Urganch shahri hududidagi chorrahaga qadar kuzatib borgan hamda chorrahada haydovchidan avtomashinani yo‘l chekkasida to‘xtatish va tegishli hujjatlarini taqdim etishni so‘ragan.
Ammo haydovchi, ushbu YPX inspektorining ham qonuniy talabini bajarmasdan avtomashina eshiklarini ichkaridan qulflab, YPX inspektori avtomashina oldida turgan bo‘lishiga qaramasdan, harakatni davom qildira boshlaganida YPX inspektori ushbu avtomashinaning harakatni davom qildirishiga chek qo‘yish maqsadida old oynasini aloqa vositasi yordamida urib sindirgan.
Shunday bo‘lsada hodisa joyidan qochib ketishga uringan mazkur avtomashina Urganch shahri hududida keyingi chorrahada to‘sib ushlangan.
Surishtiruv jarayonida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida yashovchi, haydovchilik huquqiga ega bo‘lmagan, 2003-yilda tug‘ilgan, Yu.Sh. otasining nomida bo‘lgan mazkur avtomashinani, hech qanday hujjatsiz boshqarganligi, bundan tashqari ushbu avtomashina ishtirokida ilgari yo‘l harakati qoidalari buzilgan uchta holat bo‘yicha tayinlangan jarimalar ikki oydan ortiq muddat davomida to‘lanmaganligi maʼlum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan, tegishli tartibda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Haydovchining xatti-harakatlari yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati