Iqtidor – kelajak poydevori, hamkorlik – uning garovi!
Yurtimizda taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ular uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–4306-sonli qarori asosida bu yo‘nalishdagi islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Shu maqsadda ichki ishlar tizimi ham taʼlim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yosh avlodda vatanparvarlik, masʼuliyat va bilimga intilish hissini oshirish bo‘yicha amaliy qadamlar tashlamoqda.
Yaqinda Ichki ishlar vazirligining Xorazm akademik litseyi, Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litsey, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti akademik litseyi, Urganch davlat pedagogika instituti akademik litseyi hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali akademik litseyi o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu kelishuvning asosiy maqsadi – iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning salohiyatini to‘liq namoyon etishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish, bilimli, fidoyi va Vatanga sadoqatli avlodni tarbiyalashdan iborat.
Memorandum doirasida taʼlim muassasalari o‘rtasida ilmiy-amaliy seminarlar, tanlov va olimpiadalar tashkil etish, fan va sport sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilg‘or pedagogik tajribalarni o‘zaro o‘rganish ko‘zda tutilgan.
Hamkorlikning yana bir muhim jihati – yoshlarning ichki ishlar organlari tizimidagi tartib-intizom, fidoyilik va yurtga sadoqat anʼanalaridan bahramand bo‘lishidir. Bu esa ularning kelajakda masʼuliyatli fuqaro, munosib mutaxassis va haqiqiy vatanparvar bo‘lib yetishishlariga zamin yaratadi.
Zero, iqtidor – kelajak poydevori bo‘lsa, hamkorlik – uning mustahkam garovidir. Taʼlim muassasalari o‘rtasidagi bunday hamjihat qadamlar esa yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida faol, bilimdon va fidoyi avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati