14 Oktyabr 2025 yil 581

Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy faoliyat va xizmat intizomi yuzasidan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda xizmat rahbariyati hamda shahar va tuman Ichki ishlar bo‘limlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha masʼul xodimlari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda ichki ishlar organlarida maʼnaviy muhitni sog‘lomlashtirish, xodimlarni vatanparvarlik, fidoyilik va masʼuliyat ruhida tarbiyalash, aholi bilan ochiq muloqotni kengaytirish, kadrlar salohiyatini oshirish hamda xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.

Hisobot davrida viloyat IIB hamda uning sohaviy va hududiy organlarida bir qator maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilgani, xodimlar va ularning oila aʼzolari o‘rtasida turli maʼrifiy, sport va madaniy musobaqalar o‘tkazilgani qayd etildi. Shuningdek, ichki ishlar xodimlari va ularning oilalariga amaliy yordam ko‘rsatilgani taʼkidlandi.

Shu bilan birga, xizmat intizomini mustahkamlash, ichki tartib-qoidalarga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash, xodimlar o‘rtasida qonunbuzilish holatlarining oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yetarli emasligi taʼkidlanib, bu boradagi ishlarni yana-da kuchaytirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Yig‘ilishda xodimlar bilan individual ishlash, ularning maʼnaviy-ruhiy holatini chuqur o‘rganish, sog‘lom muhitni taʼminlash, yosh kadrlar bilan ishlash tizimini yana-da takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi.

Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech