30 Oktyabr 2025 yil 207

Kasbini eʼzozlagan kam bo‘lmas

Yurtimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, huquq-tartibotni mustahkamlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi munosib hissasi uchun Urganch shahar IIB JTSG bo‘linma komandiri, serjant Rasulbek Taganov “25-oktabr-Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlandi.

Harbiy xizmatdan qaytgan Rasulbek viloyat IIB Jangovar holatda qo‘llash otryadiga xizmatga qabul qilindi. Kasbiy ko‘nikma hamda meʼyoriy-huquqiy hujjatlar talablariga qatʼiy rioya etish har bir xodim uchun muhim ekanligini yaxshi anglagan lavhamiz qahramoni ustozlarining nasihatlariga, o‘gitlariga amal qildi. Sohaviy xizmatga oid adabiyotlarni qunt bilan o‘qidi. Shuningdek, shaxsiy tarkib o‘rtasida o‘tkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda, sport musobaqalarida, ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etdi. Ayniqsa, jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarida aniq va tezkor harakatlari bilan ijobiy natijalarga erishdi. Bu intilish uning tajribali xodim sifatida shakllanishida muhim o‘rin tutdi. Shundan so‘ng uni boshqarma rahbariyati tavsiyasi bilan viloyat IIB JTSB PPX batalyoni 2-otryad bo‘linma komandiri lavozimiga o‘tkazishdi. Serjant R.Taganov zimmasiga yuklatilgan vazifaga yana-da masʼuliyat bilan yondashib, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda faol ishtirok eta boshladi. Ayniqsa, sodir etilgan jinoyat hamda huquqbuzarliklarni fosh etish, qidiruvdagi shaxslarni qo‘lga olishda faollik ko‘rsatdi.

Urganch shahrida yashovchi A.X. O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilib, tergov organlaridan yashirinishni maʼqul ko‘rdi. Ichki ishlar organlari tomonidan jazo muqarrarligini taʼminlash maqsadida unga nisbatan qidiruv eʼlon qilindi.

PPX batalyoni 2-otryad bo‘linma komandiri, serjant Rasulbek Taganov mazkur maʼlumot asosida tezkor qidiruv ishlarini olib bordi. Natijada belgilangan qonun talablariga zid ravishda yashirinishga uringan A.X. Urganch shahar hududida ushlanib, tergov hibsxonasiga topshirildi.

Shuningdek, serjant R. Taganov hamkasbi katta serjant Sh. Komilov bilan Urganch shahridagiShovot” kanali bo‘yida xizmat vazifasini o‘tayotib, nimadandir bezovta bo‘lib, shoshib borayotgan shubhali shaxsni ko‘rib qolishadi. Uning yoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida cho‘ntagida 1 dona “ORRO A18” rusumli uyali aloqa telefoni borligi aniqlanadi. Surishtiruvlar davomida u bahosi 3 million so‘mlik ushbu telefonni Urganch tumani hududida qarovsiz holda qoldirilgan avtomashina salonidan o‘g‘irlab kelayotgani maʼlum bo‘ladi.

-Zimmamizdagi vazifa ichki ishlar xodimidan nihoyatda hushyorlikni, har qanday murakkab vaziyatda aniq va to‘g‘ri qaror qabul qilishni talab etadi,-deydi lavhamiz qahramoni.-Xizmat faoliyatim davomida aynan o‘sha jihatlarga alohida eʼtibor qaratdim va xizmat intizomi hamda qonun talablariga qatʼiy rioya qildim. Fuqarolar bilan xushmuomala bo‘lishga, qonunbuzarlarga nisbatan murosasiz kurashishga harakat qildim. Ayni kunda ham ushbu talablar asosida xizmat faoliyatimni davom ettirayapman.

Ayni kunda serjant Rasulbek Taganov Urganch shahar IIB JTSG saf bo‘linmalari PPX otryadi bo‘linma komandiri lavozimida xizmat qilmoqda. O‘zining fidoyiligi, kasbiga bo‘lgan sadoqati bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan qahramonimiz shahar hududida o‘tkazilayotgan maxsus tezkor profilaktik tadbirlarda ham faol ishtirok qilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri sarhisobiga ko‘ra,6 ta jinoyatni fosh etishda shaxsan faollik ko‘rsatgan. Ikki nafar qidiruvdagi shaxsni qo‘lga olishga erishgan. Shuningdek, o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida ko‘cha va jamoat joylarida huquqbuzarlik sodir etgan 245 nafar fuqaroga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirgan. Shuningdek, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan 71 nafar fuqaroni narkologiya dispanseriga, 35 nafarini esa aniq yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya etish markaziga joylashtirgan.

Lavhamiz qahramoni xizmat faoliyati davomida shogirdlar tarbiyasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Natijada o‘ttiz nafardan ziyod ichki ishlar organlari xodimlari ustozining ishonchini oqlab, hamkasblariga o‘rnak bo‘lishmoqda.

Mana yigirma to‘rt yildirki xalq osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli kasbda sidqidildan xizmat qilayotgan serjant Rasulbek Taganov xalq nazariga tushdi, hamkasblarining hurmat eʼtiborini qozondi. Bu eʼtirof unga davlatimizning yuksak mukofotini inʼom etdi.

 

                                                                Xudoybergan JABBOROV,

                                                                     “Postda” gazetasi muxbiri

Text to speech