Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Abdumajid Shermuxamedov O‘zbekiston Aralash jang sanʼati assotsiatsiyasining Xorazm viloyati bo‘limi raisi etib saylandi
Bugun Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi O‘zbekiston Aralash jang sanʼatlari-MMA assotsiatsiyasi Xorazm viloyati bo‘limining navbatdan tashqari saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Xorazm viloyati IIB boshlig‘i va masʼul xodimlari, viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i, viloyatda aralash jang sanʼati bilan shug‘ullanuvchi bir guruh yoshlar va ularning murabbiylari ishtirok etdilar.
Dastlab, viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i yig‘ilish kun tartibi to‘g‘risida maʼlumot berib, O‘zbekiston Aralash jang sanʼatlari (MMA) assotsiatsiyasi Xorazm viloyati bo‘limi rahbariyatiga nomzodlarni taklif etdi.
Unga ko‘ra, assotsiatsiyaning Xorazm viloyati bo‘limi rahbari etib Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Abdumajid Shermuxamedov, rahbar o‘rinbosarligiga esa, viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida xizmat qilib kelayotgan polkovnik Ilhom Tillayev saylandi.
Shuningdek, rahbarning tashkiliy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, assotsiatsiya viloyat bo‘limining kotibi, ijrochi direktori va bosh murabbiyiga tavsiyaga etilgan nomzodlar delegatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi.
Shundan keyin viloyat IIB boshlig‘i so‘zga chiqib, yuksak ishonch uchun barchaga minnatdorchilik bildirib, kelgusida viloyatimizda aralash jang sanʼatini yana-da rivojlantirish maqsadida, yoshlar orasida ushbu sport turini ommalashtirib, ularga zarur infratuzilma yaratilishini taʼkidlab o‘tdi.
Xususan Xorazm viloyatida aralash jang sanʼati bilan shug‘ullanuvchi yoshlar uchun sport maktablari, jismoniy tayyorgarlik markazlarida maxsus guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, sportchilarning mashg‘ulotlarini yana-da samarali tashkil etish maqsadida viloyat IIB sport majmuasida oktagon tashkil etish rejalashtirilganligi, sportchilarga ichki ishlar tizimidagi tibbiyot muassasasida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tish imkoniyati berilishi aytib o‘tildi. Shu bilan birgalikda bu sport nafaqat kuch, balki iroda, sabr va intizomni talab qilishi tushuntirildi.
O‘z navbatida yig‘ilishda ishtirok etgan mutasaddilar va sportchining fikr-mulohazalari eshitilib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shundan keyin assotsiatsiyaning viloyat bo‘limi rahbari hududlarda yoshlarning aralash jang sanʼati bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan bevosita tanishish uchun Urganch shahridagi sport majmuasiga tashrif buyurdi.
U yerda sportchi yoshlar bilan uchrashib, ularning kelgusi orzulari va rejalari to‘g‘risida suhbatlashdi.
Majmuada yaratilgan shart-sharoitlar yuqori baholanib, bu kabi sport zallarini viloyatning barcha shahar va tumanlarida tashkil etish va shu hududda istiqomat qiluvchi yoshlarni ko‘proq jalb etish belgilab olindi.
Sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlarning jismoniy imkoniyatlari va tayyorgarlik jarayonlari ko‘rgazmali tarzda namoyish etildi.
Xorazm viloyatida aralash jang sanʼatlari – yoshlar irodasi va kuchi ramziga aylanadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Assotsiatsiyaning asosiy maqsadi — yoshlarni sog‘lom turmush tarziga undash, ularni jismonan baquvvat, maʼnan yetuk va vatanparvar shaxslar etib tarbiyalashdir.
Ana shunday tashabbuslar va hamjihatlik orqali Xorazm sporti yangi marralarni zabt etishi shubhasiz.
Chunki aralash jang sanʼati – bu faqat sport emas, bu iroda, matonat va Vatanga sadoqat ramzidir.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati
 
                     
                                     
                                                         
                                                         
                                                         
                                                         
                                                         
                                                         
                                                         
                                                         
                                                         
                                                         
                                                         
                                                         
                                                         
                                                        