3 Noyabr 2025 yil 117

Aholi murojaatlari o‘rganildi

2025-yil 2-noyabr kuni Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash maqsadida navbatdagi shaxsiy qabul o‘tkazildi.

Qabul davomida fuqarolar tomonidan ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq turli yo‘nalishlardagi masalalar yuzasidan 20 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlar asosan huquqiy masalalar, jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish, ish joyiga tiklanish, fuqarolik munosabatlaridagi nizolar, jamoat tartibini saqlash va profilaktika inspektorlari faoliyatiga oid yo‘nalishlarni o‘z ichiga oldi.

Rahbariyat tomonidan har bir murojaat sinchiklab o‘rganildi. Aholining aksariyat savollariga joyida huquqiy tushuntirishlar berildi, qo‘shimcha tekshiruv yoki o‘rganishni talab etuvchi masalalar bo‘yicha tegishli tarmoq rahbarlariga aniq vazifalar yuklatildi. Barcha murojaatlar nazoratga olinib, ularning hal etilishi bo‘yicha masʼul xodimlar belgilab olindi.

Taʼkidlash joizki, ichki ishlar organlari faoliyatida fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning ariza va shikoyatlariga xolisona yondashish, har bir murojaat ortida inson manfaati ekanini chuqur his etish – tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Shu kabi shaxsiy qabullar orqali fuqarolarning muammolari o‘rganilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatilishi, joylardagi muammolarni o‘rganish orqali sohadagi tizimli ishni takomillashtirishga erishiladi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech