Xorazm viloyatidagi shahar-tuman Ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari qisqa muddatli o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etdi
Joriy yilning 30–31-oktabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining professor-o‘qituvchilari hamda Xorazm viloyati IIBning sohaviy xizmat rahbarlari tomonidan shahar va tuman ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari uchun qisqa muddatli o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
O‘quv mashg‘ulotlarining asosiy maqsadi — rahbar xodimlarning jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish, mahalla jinoyatchiligining barvaqt oldini olish hamda energetik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini yana-da oshirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1-son qarori mazmun-mohiyati tushuntirildi. Shuningdek, zamonaviy mediamakon bilan samarali ishlash, ichki ishlar organlarining tezkor-qidiruv faoliyatini zamon talablari asosida tashkil etish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning ustuvor yo‘nalishlari, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf etish, energiya resurslarini talon-taroj qilish holatlarini aniqlash hamda jinoyatchilikni jilovlash borasidagi muhim vazifalar bo‘yicha amaliy maʼlumotlar berildi.
Bundan tashqari, hududiy ichki ishlar rahbarlariga parlament nazorati va mahalliy kengashlarda hisobot berish jarayonlarining eʼtiborli jihatlari haqida ham batafsil maʼlumotlar yetkazildi.
O‘quv mashg‘ulotlarining yakunida shahar va tuman IIB boshliqlaridan test sinovlari qabul qilindi. Tadbir so‘ngida o‘quv jarayoni davomida olingan bilim va ko‘nikmalarning bugungi kun rahbarlari uchun o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etishi, bu kabi o‘quv mashg‘ulotlarining muntazam tashkil etilishi rahbar kadrlar malakasini oshirishda muhim omil ekanligi taʼkidlandi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati