25 Oktyabr 2023 yil 4805

25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bayrami munosabati bilan Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayevning soha xodimlari hamda faxriylariga bayram tabrigi

Qadrli ichki ishlar organlari xodimlari!

Hurmatli faxriylar!

25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni bayrami munosabati bilan o‘z hayotini fuqarolarimizning tinchligi va osoyishtaligi, huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jamiyatimizda qonun ustuvorligini taʼminlashdek sharafli va masʼuliyatli ishga bag‘ishlab kelayotgan ichki ishlar organlari xodimlari,  muhtaram faxriylarimizni hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan kasbdoshlarimizning oila aʼzolarini samimiy tabriklayman.

Yurtimiz o‘tgan qisqa davr ichida, o‘zining ochiq siyosati hamda izchil islohotlari bilan mintaqamizdagi yirik siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazga aylanib, xalqaro maydondagi obro‘ – eʼtiborini tobora mustahkamlab bormoqda.

Jamiyatimizda kechayotgan tub islohotlar jarayonida Ichki ishlar organlari faoliyatini ham bugungi davr talabi va xalq hohish-irodasini eʼtiborga olgan holda takomillashtirish, qayta isloh qilish borasida katta muvaffaqiyatlarga erishildi.

Amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ichki ishlar organlarini aholiga va har bir oilaga yana-da yaqinlashtirish, bu tizimni chin maʼnoda xalqchil tuzilmaga aylantirishdek masʼul vazifa turibdi desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Ichki ishlar organlari tizimida olib borilayotgan izchil islohotlar bilan bir qatorda, fidoyi xodimlarning mehnatini munosib baholash hamda ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham katta eʼtibor qaratilmoqda.

Albatta, bu imkoniyatlar Muhtaram Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Yangi O‘zbekistonning ichki ishlar organlari xodimlari-Vatanimizning asl o‘g‘lonlari sifatida zamonaviy bilimlarni egallagan, maʼnaviy va maʼrifiy dunyosi boy, har qanday xavf-xatarga qarshi matonat bilan kurashishga tayyor xalqimizning chin maʼnodagi himoyachilari” uchun yaratilmoqda.

Eng muhimi, har bir rahbar va xodimning jinoyatchilikka qarshi kurashishga bo‘lgan qarashi tubdan o‘zgarib, kundalik xizmat faoliyati davomida fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish, jinoyatlarning oldini olish birinchi navbatdagi eng asosiy vazifasiga aylandi.

Fursatdan foydalanib, o‘z xizmat burchiga, Vatanimizga sadoqatli, xalq manfaatlari yo‘lida sidqidildan xizmat qilib kelayotgan fidoyi va jonkuyar hamkasblarimizni, o‘z umrini yurt tinchligiga bag‘ishlagan faxriylarimizni kasb bayrami bilan yana bir bor tabriklab, xizmat faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, uzoq umr, sihat-salomatlik, oilangizga fayzu baraka tilayman.

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik R.I.Sultanxodjayev

Text to speech