24 Oktyabr 2022 yil 543

25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni. Faxriylar-faxrimiz: Isteʼfodagi polkovnik Gulnora Ro‘zmetova

Yurtimizda hayotini xalq farovonligiga baxshida etayotgan ayollar juda ko‘p. Ulardan biri isteʼfodagi polkovnik Gulnora Ro‘zmetovadir.

Gulnora Urganch shahridagi 75-sonli maktabni tugatgach, Rossiya Federatsiyasining Volgograd shahridagi Oliy tergov maktabiga hujjatlarini topshirdi. Sharofat ona qizining o‘z orzusiga bo‘lgan intilishini ko‘rib, uning raʼyiga qarshi bormadi. Bilim doirasi keng, teran fikrli bu qiz sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalar safiga qabul qilindi. Fanlarni o‘zlashtirishda ham, jamoat ishlarida ham kursdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan Gulnora oliygoh rahbariyati va o‘qituvchilarining ishonchini qozondi. U bilim yurtini tugallagach, Urganch shahar IIBning tergov bo‘limiga xizmatga qabul qilindi. Ota kasbini egallagan Gulnoraning orzusi ushaldi. Aslida otasi rahmatlik Durdiboy aka Ro‘zmetov ham Urganch shahar IIB patrul-post xizmati militsiya rotasida uzoq yillar samarali xizmat qilgandi. Oliygohdagi nazariya va amaliyot ilmining uyg‘un tarzda olib borilgani yosh tergovchining xizmat faoliyatida qo‘l keldi. Endi u sevgan kasbiga o‘zgacha bir ixlos bilan yondoshdi. Tergov xizmatining fidoyilari Rustam Otajonov, Bahrom Nurullayev, Otagaldi Bobojonov, Matnazar Otaboyev hamda Habibullo Abdullayevlar Gulnoraga o‘z bilim va tajribalarini o‘rgatishga astoydil harakat qilishdi. Murabbiylarining o‘gitlariga amal qilgan bu qiz tergov jarayonlarini nihoyatda sinchkovlik va puxtalik bilan olib borishi bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘la boshladi. U yosh bo‘lsa-da, ayollarning nafaqat oilada balki, jamiyatda ham o‘ziga xos munosib o‘rni va hissasi borligini isbotlashga harakat qildi. Gulnoraning kasbiga bo‘lgan intilishi ichki ishlar bo‘limi rahbariyatida ilq fikrlar uyg‘otdi. U avval tergovchi, katta tergovchi, bo‘linma boshlig‘i so‘ngra esa viloyat IIB JQ va TQKB katta tezkor vakili vazifalarida samarali xizmat qildi. Leytenant unvoni bilan xizmat faoliyatini boshlagan Gulnora Ro‘zmetova  polkovnik unvonigacha bo‘lgan sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Yigirma yildan ziyod bir sohada yaʼni tergov xizmatida sidqidildan mehnat qildi.

-Viloyatda polkovnik unvoniga ega bo‘lgan yagona ayol sifatida eʼtirof etilgan Gulnora Ro‘zmetova xizmat faoliyati davomida ko‘plab yosh xodimlarga ustozlik qildi,-deydi viloyat IIB Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi polkovnik Aminboy Tojiyev.-Ayni kunda ular yurt tinchligi, xalq osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli kasbda sidqidildan xizmat qilishmoqda.  

Hayotda o‘zining fidoyiligi bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘layotgan Gulnora opa Ro‘zmetova singari ayollarni har qancha eʼzozlasak arziydi. 

 

                                                                         Xudoybergan JABBOROV,

                                                                                  “Postda” muxbiri.

Text to speech