20 Oktyabr 2022 yil 606

25 oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni. Osoyishtalik posbonlari – PPX faoliyatiga nazar

Xorazm viloyati IIB JXX JTSB PPX batalyoni xodimlari o‘zlariga berkitilgan hududlarda jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha samarali ishlarni amalga oshirishyapti.  

Kunduzgi hamda tungi patrullik guruhlaridan iborat bo‘lgan batalyon xodimlari Urganch shahri hududi bo‘yicha 40 ta yo‘nalishda xizmat olib borishmoqda. Joriy  yilning o‘tgan davri mobaynida xizmat xodimlari tomonidan nazoratdagi hududlarda turli huquqbuzarliklar sodir qilgan hamda shubha ostiga olingan 73 124 nafar fuqarolar shaxsini aniqlash maqsadida ichki ishlar organlariga olib kelingan. Ulardan 6789 nafariga nisbatan profilaktika inspektorlari hamda YPX xodimlari tomonidan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib,  763 nafar fuqaro mast holatdagi shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish va reablitatsiya etish punktlariga, 234 nafari esa shaxsini aniqlash maqsadida Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi reablitatsiya markaziga joylashtirildi. Xodimlar tashabbusi bilan turli ko‘rinishdagi 34 ta jinoyat aniqlandi va sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan 27 ta jinoyatning barvaqt oldi olindi. Shuningdek, xodimlarning xushyorligi hamda xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondoshishi tufayli qidiruvda bo‘lgan 8 nafar shaxs qo‘lga olindi va tegishli organlarga topshirildi.

Urganch shahar markaziy dehqon bozoriga tushgan gurlanlik V. Shirin odamlar gavjum joydan o‘tayotib, yon cho‘ntagidagi uyali aloqa telefonini o‘g‘irlatib qo‘ydi. Sarosimaga tushgan ayol yon-atrofiga qaradi. Ammo shubhali kimsa ko‘rinmadi. Shu payt savdo rastalari oralab borayotgan viloyat IIB JXX JTSB PPX batalyoni xodimlariga ko‘zi tushdi. U darhol osoyishtalik posbonlarining yoniga borib, “Samsung” rusumli uyali aloqa telefonini o‘g‘irlab ketishganini aytdi.

Ayolning murojaatidan so‘ng PPX batalyoni xodimlari darhol bozor hududida xizmat vazifasini o‘tayotgan hamkasblari bilan bog‘lanishdi va voqea tafsilotini ularga yetkazishdi. Olib borilgan tezkor saʼy-harkatlar natijasida bozor hududidan chiqaverishda muqaddam sudlangan T.R. qo‘lga olindi. Shubhali kimsaning yoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan “Samsung” rusumli uyali aloqa telefoni borligi maʼlum bo‘ldi.

-Aholi xavfsizligini taʼminlash, sodir etilgan jinoyatlarni tezkorlik bilan fosh etishda zamonaviy texnika vositalari hamda innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanilmoqda,-deydi viloyat IIB JXX JTSB PPX batalyoni komandiri, podpolkovnik Hamid Qurbonov.-Ayniqsa, Skuter hamda Sigvey harakatlanish vositalari shahar hududidagi ko‘p qavatli binolar oralig‘ida, turli yo‘lakchalardan shovqinsiz va tezkorlik bilan harakatlanish, hududni qisqa vaqt oralig‘ida ishonchli nazorat qilish imkonini bermoqda. Shuningdek, Urganch shahrining markaziy ko‘chalari, saylgohlar, xiyobonlar, bozorlar kabi aholi gavjum hududlarida patrul-post xizmati batalyoniga qarashli 8 ta “Muntazam maskan”lar faoliyati tashkil etilgan. Ushbu maskanlarda xodimlarimizning kunu-tun samarali xizmat qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu yerda zamonaviy aloqa vositalari, kompyuter texnikalari, mebel jihozlari hamda xodimlarimizning kundalik xizmat faoliyatida zarur bo‘ladigan barcha qo‘llanmalar joylashtirilgan. “Muntazam maskan”lar atrofiga o‘rnatilgan kameralar yordamida hududni bevosita kuzatib borish, voqea jarayonlarini tahlil qilish, biron bir xavf xatar yoki huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda hodisa joyiga zudlik bilan tezkor guruhni yo‘naltirish imkoniyati  mavjud.

Boshqarma rahbariyati tomonidan shaxsiy tarkibning bilim va kasbiy mahoratini oshirishga, maʼnaviyatini yuksaltirishga, jangovar shayligini mustahkamlashga alohida eʼtibor berilmoqda. Zamon talablariga hamohang holda tashkil etilgan bu kabi xizmat jarayonlari osoyishtalikni taʼminlash, turli ko‘rinishdagi huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda muhim o‘rin tutmoqda.

 

                                                                           Xudoybergan JABBOROV,

                                                                                  “Postda” muxbiri.

Text to speech