25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni. Yangibozor tumani IIB HPB Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori katta leytenant A.Nurmanovaning xizmat faoliyati
Yangibozor tumanida xotin-qizlar o‘rtasida jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha mahalliy hokimlik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida keng qamrovli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bunda asosan huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan, sudlangan, yashash manzilidan uzoq muddatga chet davlatlarga ketgan xotin-qizlar bilan profilaktik suhbatlar olib borilyapti. Mahallalarda tegishli tashkilot hamda idoralar vakillaridan iborat “Ishchi guruh”lari tuzilib, har bir oiladagi xotin-qizlarning turmush tarzi, muammolari atroflicha o‘rganilib, ularni ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda.
-Tumanimiz hududida 1701 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, ular bilan tegishli tashkilotlar vakillari hamkorligida tizimli ishlar olib borilmoqda,-deydi tuman IIB JXX HPB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor, katta leytenant Adolat Nurmanova.-Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ushbu oilalarning muammolari o‘rganib chiqildi. Natijada 539 nafar xotin-qizlarning bandligi taʼminlandi, 1031 nafariga mahalla fuqarolar yig‘ini hamda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan moddiy yordam berildi, 720 nafariga psixologik yordam ko‘rsatildi. Taʼziq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 117 nafar ayolga “Himoya orderi” topshirilib, ushbu oilalar alohida eʼtiborga olindi. Shuningdek, ajrim yoqasiga kelib qolgan 92 ta oiladan 68 tasini yarashtirish imkoniyatiga erishildi. Probatsiya guruhi ro‘yxatida turgan 10 nafar xotin-qizlar bilan psixologik hamda profilaktik suhbatlar olib borildi. Ayni kunda bu kabi profilaktik tadbirlar belgilangan reja asosida davom etmoqda.
Xizmat xodimlari oila-turmush munosabatlari doirasidagi nizolarni erta aniqlash va bartaraf etish maqsadida xonadonlarga chiqib, xotin-qizlarning turmush tarzi, oilaviy ahvoli hamda muammolarini o‘rganib borishmoqda. Amalga oshirilayotgan bu kabi profilaktik tadbirlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida xotin-qizlar tomonidan jinoyat sodir etilishi 85,7 foizga kamayishiga erishildi. Shuningdek, ko‘plab oilalardagi ajrimlarning, nizoli holatlarning oldi olindi.
Amalga oshirilayotgan hamkorlikdagi tadbirlar jarayonida “Himoya orderi” xotin-qizlar huquqlarining ishonchli kafolati sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.