7 Mart 2022 yil 913

8 mart – Xotin qizlar kuni bayrami munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi

Jamiyatning barcha sohalaridagi kabi huquq-tartibot organlarida xizmat qiluvchi xotin-qizlar soni ortib borayotgani quvonarli holdir.

Shu bilan birgalikda xotin-qizlar uchun munosib ish sharoitini yaratish hamda ularni ijtimoiy-huquqiy himoya qilishga ham katta eʼtibor qaratilmoqda desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Urganch shahridagi tantanalar majmuasida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan uyushtirilgan bayram kechasiga Xorazm viloyati ichki ishlar organlari tizimida faoliyat olib borayotgan barcha xotin-qizlar va sohaning faxriy ayollari hamda xizmat vazifasini bajarish paytida halok bo‘lgan xodimlarning oila aʼzolari taklif etildi.

Bayram tantanasida Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuhamedov so‘zga chiqib, ishtirokchilarni 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.

Shuningdek sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan taqdirlangan bir guruh xodimalarga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, xizmatda yuqori ko‘rsatkichlarga erishib kelayotgan xotin-qizlarning onalari ham bayram kechasiga taklif etildi va ularga bayram sovg‘alari topshirildi.

Xorazm viloyatida ijodiy safar bilan bo‘lib turgan Milliy akademik teatri taniqli aktyorlarining ushbu tantanali tadbirga tashrif buyurganliklari esa tadbirning yana-da taassurotlarga boy bo‘lishini taʼminladi.

O‘zbekiston xalq artistlari Yodgor Saʼdiyev, Erkin Komilov, Yoqub Axmedov, Tohir Saidov, Zuhra Ashurova, Raʼno Yarashova, Muqaddas Holiqova va Gulora Rahimovalar tomonidan ijro etilgan monolog va qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

O‘z navbatida elimiz ardog‘ida bo‘lgan ushbu sanʼatkorlarga ham boshqarma boshlig‘i tomonidan bahoriy guldastalar  va bayram sovg‘alari  topshirildi.  

Sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar va jozibador raqslar bayram tantanasiga o‘zgacha zavq baxsh etdi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech