7 Fevral 2024 yil 3166

Ayollarning jamiyatdagi faolligi oshmoqda

Hazorasp tumanida xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, ish bilan ta’minlash, muammolariga yechim topish, ular tomonidan jinoyat hamda huquqbuzarliklar sodir etilishining barvaqt oldini olishga alohida e’tibor qaratilgan. Ayniqsa, huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan, sudlangan, yashash manzilidan uzoq muddatga xorijiy mamlakatlarga ketgan xotin-qizlar bilan keng qamrovli profilaktik tadbirlar amalga oshirilyapti. Bunda tuman IIB JXX HPB Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor, kapitan Anaposhsha Qurbonovaning mahalliy hokimlik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda keng jamoatchilik bilan hamkorligi samarali natijalar bermoqda.

-Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida turli huquqbuzarliklar sodir etgan 14 nafar xotin-qizlar profilaktik hisobga olinib, ular bilan manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti,-deydi kapitan Anaposhsha Qurbonova. -Shuningdek, turli kelishmovchiliklar tufayli yuzaga kelgan 91 ta oiladagi nizolar manzilli bartaraf etildi va 9 ta oilani yarashtirishga erishildi. Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 16 nafar xotin-qizlarga “Himoya orderi” berilib, ular davlat himoyasiga olindi. Hamkorlik va hamjihatlikda amalga oshirilgan bu kabi tadbirlar natijasida xotin-qizlar tomonidan jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmayapti.

Oila-turmush doirasidagi nizolar ham jamiyatimiz rivojiga salbiy ta’sir etuvchi omillardan sanaladi. Shu bois, xizmat xodimlari bu boradagi noxush holatlarning barvaqt oldini olishga ham alohida e’tibor berishyapti.

Hazorasplik K.Sotimboy hech qayerda ishlamasdan ichkilikka berildi va oilasiga, farzandlari tarbiyasiga qaramay qo‘ydi. Zulayho erining insofga kelishini, oila a’zolari bilan tinch-totuv yashashini uzoq kutdi. Ammo uning bu orzusi sarobligicha qolaverdi. Ana shunday kunlarning birida u yana uyiga mast holatda kirib keldi va arimagan bahonalar bilan turmush o‘rtog‘ini kaltakladi. Erining zo‘ravonliklaridan asabi charchagan ayol farzandlarini olib otasinikiga ketib qoldi. Bu Sotimboyga qo‘l keldi va ichkilikni davom ettirdi. Bundan xabar topgan qarindosh-urug‘lar, mahalla faollari, nuroniy otaxonu-onaxonlar ularga oila muqaddasligi, unga befarq bo‘lmasliklarini tushuntirishdi, maslahatlar, nasihatlar berishdi. Ammo jabr-sitamlarga chidolmagan Zulayho yarashishni istamadi. Shundan so‘ng bu kelishmovchilikka tuman IIB JXX HPB Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor, kapitan Anaposhsha Qurbonova hamda mahalla profilaktika inspektori aralashdi va ularga har ikkala tomonning huquq va majburiyatlari, ajrimning salbiy oqibatlari hayotiy misollarda tushuntirildi. Shu orada Sotimboy ham ixtiyoriy davolanish muassasasiga yotqizildi. Oradan biroz muddat o‘tgach esa fermer xo‘jaligiga ishga joylashtirildi. Hamkorlikdagi sa’y-harakatlar yordamida oiladagi salbiy muhit ijobiy tomonga o‘zgardi va er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilik barham topdi.

Tuman hududida istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan, yakka yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan hamda nogironligi bo‘lgan ayollarning turmush sharoitini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ularga hokimlik, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan moddiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish ishlari davom etayapti. Bu kabi profilaktik tadbirlar ayollarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash hamda faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

                                                                          Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbirimiz

Text to speech