Agentlik direktorining IIV Xorazm akademik litseyi o‘quvchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi A.Burxanov Xorazm viloyati ichki ishlar organlari faoliyati bilan tanishish jarayonida IIV Xorazm akademik litseyi o‘quvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zaro ishonch va samimiylik hamda savol-javob tarzida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda so‘zga chiqqan Agentlik direktori A.Burxanov, so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari va tub islohotlar to‘g‘risida to‘xtalib, bu ishlarni yana-da samarali tashkil etishda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik lozimligini uqtirib o‘tdi.
Shu bois davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan Korrupsiya qarshi kurashish agentligi va uning funksiyalari to‘g‘risida o‘quvchilarga batafsil maʼlumot berildi.
A.Burxanov mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida jamoatchilikning nazorati muhim o‘rin tutishini, akademik litsey o‘quvchilari ham bo‘lg‘usi huquq himoyachisi sifatida bu jarayonlarda faol ishtirok etishlari lozimligini uqtirib o‘tdi.
Litsey o‘quvchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollari yuzasidan Agentlik direktoridan batafsil javob oldilar.
Agentlik direktori shu bilan birgalikda viloyat ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi va akademik litsey o‘quvchilari uchun “Korrupsiya-taraqqiyot kushandasi”, “Korrupsiyaga qarshi kurash, hammamizning burchimiz”, “Korrupsiya-taraqqiyotga tahdid”, “Korrupsiya-mamlakat taraqqiyotiga to‘siq” mavzularida o‘kuv seminarlari o‘tkazilganligini ijobiy baholadi.
Yig‘ilish yakunida A.Burxanov o‘zining bilimi bilan barcha fanlarni aʼlo baholarga o‘zlashtirib, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda namunali hulqi bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan hamda korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun litseyning bir guruh o‘quvchilarini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi nomidan “Faxriy yorliq” va badiiy kitoblar bilan taqdirladi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati