11 Fevral 2021 yil 14947

Alisher Navoiy merosi – millatimiz xazinasi

        Alisher Navoiy shoir, olim, tarixchi, tanqidchi, tilchi, adabiyot nazariyotchisi, siyosiy arbob va hattot edi. Uning asarlari yaxlit olganda, hayot qomusiga o‘xshaydi. Chunki biror - bir hayotiy masala, insonga xos qadriyat va tuyg‘ular, fazilat va illatlar yo‘qki, u qalamga olmagan bo‘lsa! Yoshlarga qarata shunday deydi:

                                        Yigitlikda yig‘ ilmning mahzani,

                                        Qarilig‘ chog‘i sarf qilg‘il ani.

        Avvalo, yoshlikda egallangan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabi mustahkam bo‘lishi maʼlum. Qolaversa, keyin hayot tashvishlariga ko‘milib, ilm egallashga  fursat ham, imkon ham qolmaydi. Bora – bora, xalq taʼbiri bilan aytganda, “Xotira ham aytganni qilmaydi”. Har bir o‘quvchi – yosh o‘qib, izlanib maʼnaviy qadriyatlarni qadriga yetsa komil inson g‘oyalarini ado etgan bo‘ladi.

       Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ikkita mustahkam ustunga tayanilmoqda. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimiz boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyatdir.

       Ichki ishlar vazirligining Xorazm akademik litseyida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi keng nishonlandi. “Alisher Navoiy merosi – millat xazinasi” mavzusida tadbir, g‘azalxon yoshlar bellashuvi, adib ijodi yoritilgan videorolik, ko‘rgazmali chizmalar, sahna ko‘rinishlari tashkil qilindi. Insonga bunday adabiy-badiiy tadbirlar maʼnaviy ozuqa beradi, fikrni teranlashtiradi, dunyoqarashni, ongni rivojlantiradi. Milliy qadriyatlarimizga hurmat, urf-odatlarimizga sodiq bo‘lishga undaydi.

         Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev taʼkidlaganidek: “Milliy tarixni ruh bilan yaratish kerak. Aks holda uning tarbiyaviy taʼsiri bo‘lmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga o‘rgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur”.

        Milliy tarixni adabiyot sanʼati bilan uzviy bog‘lagan holda maʼnaviy tarbiyani yoshlar ongiga yana-da chuqurroq singdirish mumkin.

         Ishonamizki, Hazrat Navoiy shaxsi va ijodi yosh avlod qalbida abadiylikka makon tutadi.

IIV Xorazm akademik litseyi o‘qituvchisi G.Hajimetova

Text to speech