9 Avgust 2020 yil 808

Aholini ijtimoiy qo‘llab quvvatlashga qaratilgan saʼy-harakatlar

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga  va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Xorazm viloyatida mazkur Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida har bir mahallada fuqarolar yig‘ini raisi rahbarlik qiluvchi, ichki ishlar organlari tayanch punktlari profilaktika inspektorlari, oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy, obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, fuqarolar yig‘ini kengashi aʼzolari, imom xatib, maktab direktori, maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari, patronaj hamshira, ko‘cha va uy boshilaridan iborat Shtablar tuzildi.

Ayni kunlarda viloyatimizda mazkur shtablar faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish maqsadida, Ichki ishlar vazirining 3 avgust kunidagi Farmoyishi asosida IIV masʼul xodimi polkovnik M.Muxammadjanov va viloyat IIB masʼul xodimlari tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

Qisqa muddatda shtab aʼzolari tomonidan ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtojlar ro‘yxati shakllantirilib, ularga ehtiyojmandlik holati bo‘yicha murojaat qilish tartibi yuzasidan eslatma varaqalari (karantin qoidalariga rioya qilgan holda) tarqatildi.

Endilikda mahallalarda tashkil etilgan shtablar aʼzolari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida sektor rahbarlari yordam va ko‘makka muhtoj oilalarda aniqlangan muammolar holatidan kelib chiqib, ularga moddiy yordam ajratish ishlarini tashkil etadilar.

Yuqoridagi chora-tadbirlarning barchasi koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholini ijtimoiy himoya qilish va ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgandir.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech