Biz tazyiq va zo‘ravonlikka qarshimiz
Butun dunyo xalqlari kabi biz ham koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq sinovli kunlarni boshimizdan kechirmoqdamiz. Albatta sabr-qanoatli xalqmiz ushbu kunlarni matonat bilan yengib chiqishiga barchamiz ishonamiz. Shu kunlarda xalqimizning o‘zaro xurmat, mexr-oqibatining naqadar yuksak darajada ekanligini yana bir bor guvohi bo‘lmoqdamiz. Karantin sharoitida ayrim oilalarda yuzaga kelgan moddiy yetishmovchilik holatlarini chetlab o‘tishda saxovat va ko‘mak jamoatchilik jamg‘armasi tomonidan oziq-ovqat maxsulotlari va pul mablag‘larining tarqatilayotganligi birinchi navbatda oila bekasi bo‘lgan ayollarimizni qo‘llab-quvvatlashning amaliy ifodasi bo‘lmoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ammo bugungi kunda jamiyatimizda uchrab turayotgan bir noxush holat borki uni bartaraf etishda barchamiz birlashishimiz lozim. Bu ham bo‘lsa xotin-qizlarning zo‘ravonlik va tazyiqqa uchrashishini oldini olish, aytish lozim bo‘lsa bunday xolatlarga umuman yo‘l qo‘ymaslikdir.
Davlatimiz rahbarining shaxsiy tashabbuslari bilan so‘ngi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy xujjatlar qabul qilindi.
Shulardan eng asosiysi sifatida mamlakatimizda gender tengligini taʼminlash maqsadida 2019 yil 2 sentyabr kuni “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinganligini aytib o‘tishimiz mumkin.
Ichki ishlar organlarida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor lavozimlarining joriy etilganligi esa ojiz jins vakilasi hisoblanmish xotin-qizlarni zo‘ravonlik va tazyiqdan himoya qilish maqsadida tashlangan eng dadil qadamlardan biridir.
Ayni kunlarda Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlarida anashu yo‘nalishda 18 nafar xotin-qizlar xizmat olib borishmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida xodimalarimiz viloyatimizdagi notinch oilalardagi muammolarni o‘rganish davomida 193 nafar xotin-qizlarning turmush o‘rtog‘i, qaynonasi, qaynotasi va boshqalar tomonidan zo‘ravonlik va tazyiqqa duchor bo‘lganliklarini aniqlab, jabrlangan ayollarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish maqsadida “Himoya orderi”ni berishdi. Shulardan
106 nafari jismoniy, 3 nafari iqtisodiy, 43 nafari ruhiy zo‘ravonlikka uchragan bo‘lsalar yana 41 nafar opa-singillarimiz turli tazyiqlarga uchraganlar.
Bugun ayollarimiz o‘rtasida urf bo‘layotgan salbiy holatlardan yana birisi bu oila-turmush doirasidagi muammo va kelishmovchiliklarni o‘zboshimchalik bilan hal etishga urinishlaridir.
Joriy yilning o‘zida Qo‘shko‘pir va Gurlan tumanida bir guruh xotin-qizlar tomonidan boshqa bir ayolni urib tan jarohati yetkazishganligi hamda bu jarayonni videotasvirga olib ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilganligi bunga misol qilib keltirishimiz mumkin. Albatta ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilar va keng jamoatchilikning nafratini keltirib chiqargan bu holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov va sud harakatlari olib borilmoqda.
Aziz yurtdoshlar, To‘maris, Nodirabegim, Uvaysiylar avlodi bo‘lgan opa-singillarimiz tomonidan sodir etilayotgan bu kabi jirkanch illatlar nafaqat millatimiz shaʼni uchun, shu bilan birgalikda qonunlarimizga ham mutlaqo ziddir.
Ilgari sudlangan, ozodlikdan maxrum qilish jazosini o‘tagan degan iboralarni jamiyatimiz aʼzosi bo‘lgan xotin-qizlarning shaxsiga nisbatan ishlatilishiga yo‘l qo‘ymaylik. Buning uchun ayollarimizdan sabr-qanoat, vafo va sadoqat, erkaklarimizdan esa mehr-muruvvatli bo‘lish talab etiladi xolos.
mayor Dilnoza Bog‘bekova,
Xorazm viloyati IIB HPB
boshlig‘ining o‘rinbosari