Bog‘ot tumanidagi qotillik jinoyati jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi
Har qanday jinoyatni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad kelgusida shu kabi jinoyatlarni qayta sodir etilishini oldini olishda keng jamoatchilikning ishtiroki va masʼuliyatini oshirishdir.
Joriy yil 20 avgust kuni Bog‘ot tumanida sodir etilgan mudxish qotillik jinoyati Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedov tomonidan Bog‘ot tumanida jamoatchilik ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
Dastlab, jinoyat tafsilotlari yuzasidan Bog‘ot tumani prokurori batafsil axborot berib, jumladan Bog‘ot tumanida joylashgan g‘isht ishlab chiqarish zavodida ishlovchi shaxslar spirtli ichimlik taʼsirida o‘zaro nizolashib qolganliklari va yakunda bir ishchi ikkinchi ishchiga oshxona pichog‘i bilan jarohat yetkazib, o‘limiga sababchi bo‘lganligini aytib o‘tdi.
Shundan keyin joniyat sodir etilgan hudud yaʼni Bog‘ot tumani “Qalajiqqalʼa” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va uning o‘rinbosarlari tomonidan mahallada olib borilgan targ‘ibot-tashviqot hamda profilaktik chora-tadbirlar, shuningdek mahallabay, xonadonbay usulida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlari tinglandi.
Muhokama yig‘ilishida ishtirok etgan jamoatchilikning fikr-mulohazalari va kelgusida bu kabi mudxish jinoyatlarning oldini olish borasidagi takliflari tinglandi.
Muhokama yakuniga ko‘ra o‘z xizmat vazifalarini bajarishda masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘yib kelgan masʼul shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati