Boshqarma xotin-qizlarining xizmat faoliyati tahlil etildi
Bugun ichki ishlar organlari xodimlari orasida xotin-qizlarning safi ortib bormoqda. Bu mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida xotin-qizlarning faolligi oshayotganligining bir ko‘rinishidir desak xato bo‘lmaydi.
So‘nggi yillarda Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va uning hududiy hamda sohaviy yo‘nalishlarida ham xotin-qizlar safi ancha kengaydi.
Shundan kelib chiqqan holda, tizimda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasini taʼminlash, ularning kasbiy malakasini tizimli ravishda oshirib borish maqsadida viloyat IIB Kadrlar boshqarmasi tarkibida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bosh inspektor lavozimi joriy etildi.
Joriy yilning 28 oktabr kuni Xorazm viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi yig‘ilishga viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan barcha xotin-qizlar taklif etildi.
Dastlab xotin-qizlar yangi eksponatlar bilan boyitilgan viloyat IIB “Mehnat va jangovor shuhrat muzeyi”ga tashrif buyurdilar. Ushbu tashrif ularga soha tarixi bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Boshqarma majlislar zalida karantin qoidalariga rioya qilgan holda o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat IIB Kadrlar boshqarmasi boshlig‘ining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari mayor L.Yaqubov va bosh inspektor mayor Yu.Hamdamovalar so‘zga chiqib bugungi kunda mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdilar. Xotin-qizlarning sohada tutgan o‘rni va nufuzini yana-da oshirish uchun xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy rioya qilinishini taʼminlash borasida zarur tavsiyalar berildi.
Yig‘ilish yakunida xizmat faoliyatida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan hamda namunali hulqi bilan kasbdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh xodimalarga “Tashakkurnoma” va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati