Boshqarmada bayram shukuhi: Eʼtibor va eʼtirof xalqimizga xosdir
Ayni kunlarda mamlakatimizning har bir go‘shasida 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 77 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Sana munosabati bilan Xorazm viloyati IIB ga sohaning bir guruh fidoyi xodimlari, faxriylari hamda xizmat vazifasini bajarish vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lgan xodimlarning yaqinlari taklif etildi.
Anʼanaga ko‘ra bayram tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijrosi bilan boshlandi.
Shundan keyin tabrik uchun so‘z Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedovga berildi.
Boshqarma boshlig‘i o‘z nutqida ikkinchi jaxon urishi davrida mamlakatimiz aholisi boshidan kechirgan og‘ir kunlar, shu bilan birgalikda ota-bobolarimiz ko‘rsatgan jarosatlari to‘g‘risida to‘xtalib, bugungi kunda mamlakatimizda tinchlik osoyishtalikni taʼminlash borasida qo‘lga kiritilgan ijobiy yutuqlar haqida so‘z yuritib, ikkinchi jahon urushida qahramonlarcha halok bo‘lgan ota-bobolarimiz qatorida jinoyat va huquqbuzarlikka qarshi kurashish yo‘lida o‘z jonidan kechgan ichki ishlar organlari xodimlarning ham yorqin xotirasi kasbdoshlari xotirasida mangu saqlanishini alohida taʼkidlab o‘tdi.
Shuningdek boshqarma boshlig‘i o‘z nutqi davomida Ichki ishlar Vazirining bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigini ham o‘qib eshittirdi.
Tantanali tadbir taqdirlash jarayoni bilan davom etdi.
Xodimning erishgan yutuqlari va qo‘lga kiritgan ijobiy natijalarini eʼtirof etish uni kelgusida yana-da shijoat bilan xizmat qilishga undaydi. Shuni inobatga olgan holda bayram munosabati bilan Ichki ishlar Vazirining buyrug‘iga asosan bir guruh xodimlar va ularga o‘zlarining boy hayotiy tajribasini o‘rgatish bilan ustozlik qilib kelayotgan soha faxriylaridan bir guruhi vazirlikning ko‘krak nishonlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xorazm viloyati IIB rahbariyati va shaxsiy tarkibining doimiy eʼtiborida bo‘lgan faxriylardan bir guruhiga va xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning yaqinlariga ham bayram sovg‘alari ulashildi.
Tadbir yakunida so‘zga chiqqan Xorazm viloyati IIB boshlig‘ining maslahatchisi, isteʼfodagi polkovnik R.R.Rahimov, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va yuksak eʼtirof hamda ishonch uchun o‘z tashakkurlarini bildirib, ichki ishlar organlarining har bir faxriy xodimi Vatanga va xalqqa sadoqat bilan qilishga tayyor doimo tayyor ekanligini aytib o‘tdi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati