31 Avgust 2021 yil 757

Boshqarmada bayram shukuhi: Mukofotlar tantanali ravishda topshirildi

Ayni kunlarda mamlakatimizning har bir go‘shasida eng aziz, eng ulug‘ bayram – davlatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

Xorazm viloyati IIBning bayramona bezatilgan tantanalar zaliga ham sohaning bir guruh fidoyi xodimlari, faxriylari hamda xizmat vazifasini bajarish vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lgan xodimlarning yaqinlari bayram munosabati bilan yig‘ildi.

Anʼanaga ko‘ra bayram tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ijrosi bilan boshlandi.

Shundan keyin tabrik uchun so‘z Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedovga berildi.

Boshqarma boshlig‘i o‘z nutqida so‘nggi yillarda mamlakatimizda tinchlik osoyishtalikni taʼminlash borasida qo‘lga kiritilgan ijobiy yutuqlar, ichki ishlar organlarida amalga oshirilgan tub islohotlar va ularning natijalari to‘g‘risida so‘z yuritib, Davlatimiz mustaqilligini mustahkamlash hamda jinoyat va huquqbuzarlikka qarshi kurashish yo‘lida o‘z jonidan kechgan ichki ishlar organlari xodimlarning yorqin xotirasi kasbdoshlari xotirasida mangu saqlanishini alohida taʼkidlab o‘tdi.

Shuningdek boshqarma boshlig‘i o‘z nutqi davomida Ichki ishlar Vazirining bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigini ham o‘qib eshittirdi.

Tantanali tadbir taqdirlash jarayoni bilan davom etdi. Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan bayram arafasida davlat mukofotlari bilan taqdirlangan podpolkovnik Anvar Matchanovga “Sodiq xizmatlari uchun” medali, mayorlar Abror Sapayev, Ulug‘bek Xudayshukurov va Jasur Yuldashevlarga “Shuxrat” medali hamda pandemiya sharoitida o‘z burchiga sodiq qolib, mamlakatimiz aholisining sog‘ligi va tinchligini asrash yo‘lida bevaqt halok bo‘lgan podpolkovnik Jasur Matyaqubovning oila aʼzolariga “Jasorat” medali  tantanali ravishda topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan taʼsis etilgan esdalik nishoni bilan Xorazm viloyati ichki ishlar organlarining bir guruh fidoyi xodimlari ham taqdirlanishga munosib ko‘rildi. Ularga ushbu esdalik nishonlari ishtirokchilarning olqishlari ostida topshirildi.

Xodimning erishgan yutuqlari va qo‘lga kiritgan ijobiy natijalarini eʼtirof etish uni kelgusida yanada shijoat bilan xizmat qilishga undaydi. Shuni inobatga olgan holda bayram munosabati bilan Ichki ishlar Vazirining buyrug‘iga asosan bir guruh xodimlar va ularga o‘zlarining boy hayotiy tajribasini o‘rgatish bilan ustozlik qilib kelayotgan soha faxriylaridan bir guruhi vazirlikning ko‘krak nishonlari, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari hamda maxsus unvonlar bilan taqdirlangan bo‘lsa, yana bir guruh fidoyi xodimlar viloyat IIB boshlig‘ining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Xorazm viloyati IIB rahbariyati va shaxsiy tarkibining doimiy eʼtiborida bo‘lgan faxriylardan bir guruhiga va xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning yaqinlariga ham bayram sovg‘alari ulashildi.

Bayram tadbiriga ichki ishlar organlarida uzoq yillardan buyon samarali xizmat qilib kelayotgan bir guruh xodimlarning ota-onalari taklif etilib, ularga farzandini vatanga sadoqat ruhida tarbiyalaganliklari uchun minnatdorchilik bildirilib, bayram sovg‘alari topshirilgani esa ishtirokchilarning cheksiz olqishiga sazavor bo‘ldi.

Tadbir yakunida taqdirlanganlardan bir guruhi so‘zga chiqib, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va yuksak eʼtirof hamda ishonch uchun o‘z tashakkurlarini bildirib, kelgusida Vatanga va xalqqa sadoqat bilan qilishga tayyor ekanliklarini aytib o‘tdilar.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech