13 Noyabr 2021 yil 839

Boshqarmada bayram shukuhi: “Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari”

Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi nishonlangan joriy yilda ichki ishlar organlari tashkil etilganligining 30 yilligi tantanalari ham keng nishonlanmoqda.

Bayramona bezatilgan tantanalar majmuasiga Xorazm viloyati ichki ishlar organlarining bir guruh fidoyi xodimlari, faxriylari hamda xizmat vazifasini bajarish vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lgan xodimlarning yaqinlari, shuningdek viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari taklif etildi.

Bayram tadbirini badiiy so‘z ustasi O‘tkir Muhammadxo‘jayev viloyatimizdagi suxandonlar bilan birgalikda olib borgani davraga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.

Dastlabki tabrik uchun so‘z Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedovga berildi.

Boshqarma boshlig‘i o‘z nutqida so‘nggi yillarda mamlakatimizda tinchlik osoyishtalikni taʼminlash borasida qo‘lga kiritilgan ijobiy yutuqlar, ichki ishlar organlarida amalga oshirilgan tub islohotlar va ularning natijalari to‘g‘risida so‘z yuritib, Davlatimiz mustaqilligini mustahkamlash hamda jinoyat va huquqbuzarlikka qarshi kurashish yo‘lida o‘z jonini fido qilgan ichki ishlar organlari xodimlarning yorqin xotirasi kasbdoshlari xotirasida mangu saqlanishini alohida taʼkidlab o‘tdi.

Shuningdek boshqarma boshlig‘i o‘z nutqi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Ichki ishlar Vazirining bayram munosabati bilan yo‘llagan tabriklarini ham o‘qib eshittirdi.

Tantanali tadbir taqdirlash jarayoni bilan davom etdi. Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan bayram munosabati bilan  “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan podpolkovniklar G‘ulomjon Sharipov va Zafarbek Ibragimov hamda katta serjant Xasanboy Allayarovlar davlat mukofotlariga sazovor ko‘rilganligi bilan yana bir bor muborakbod etildi.

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan taʼsis etilgan esdalik nishoni bilan Xorazm viloyati ichki ishlar organlarining bir guruh fidoyi xodimlari hamda o‘zlarining boy hayotiy tajribasini o‘rgatish bilan ustozlik qilib kelayotgan soha faxriylaridan bir guruhi taqdirlanishga munosib ko‘rildi. Ushbu esdalik nishonlari ham bayram kechasida tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan bajarib, hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan xodimlardan yana bir guruhiga Ichki ishlar Vazirining buyrug‘iga asosan “Aʼlo xizmatlari uchun”, “Benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari hamda  “Faxriy yorliq”lari topshirilgan bo‘lsa, ana shunday fidoyi xodimlardan yana bir guruhi viloyat IIB boshlig‘i va viloyat Hokimining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Xorazm viloyati IIB rahbariyati va shaxsiy tarkibining doimiy eʼtiborida bo‘lgan faxriylardan bir guruhiga va xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning yaqinlariga ham bayram sovg‘alari ulashildi.

Xizmat vazifasini bajarish vaqtida qahramonlarcha halok bo‘lgan xodimlarning yorqin xotirasiga bag‘ishlab tayyorlangan videolavha ularga hamkasblarining hurmatini ifodaladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

O‘zbekiston xalk artistlari Og‘abek Sobirov, G‘afur va G‘ulom Eshchanovlar, Gulora Rahimova hamda “Nihol” mukofoti sovrindori Bunyodbek Saidov, IIV Ashula va raqs ansablining xushovoz xonandasi Dilso‘z, shuningdek viloyatimizdagi el suygan xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

“Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari” shiori ostida bo‘lib o‘tgan bayram tadbiri barcha ishtirokchilarning xotirasiga unutilmas onlarni muhrlashi bilan birgalikda ularning Vatanga va xalqqa sadoqat bilan qilishiga maʼnaviy kuch berdi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech