Boshqarmada “Kitob taqdimoti”
Mamlakatimizda kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini yana-da rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xorazm viloyati IIBda “O‘zbekiston xalqi xizmatida”, “El-yurt osoyishtaligi generallari”, “Ichki ishlar organlarining mard o‘g‘lonlari” hamda “Faxriylar-faxrimiz” nomli kitoblarning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirga ichki ishlar organlari xodimlari, soha faxriylari hamda litsey o‘quvchilari taklif etildi. Taqdimotni viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Asilbek Raxmonov ochib, mamlakatimizda badiiy, maʼrifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan adabiyotlarni chop etish, ular bilan taʼlim muassasalarini taʼminlash, milliy va jahon adabiyoti namoyandalarining yetuk asarlarini saralash, tarjima qilish ishlariga alohida eʼtibor berilayotganiga to‘xtalib o‘tdi va mazkur tadbir ham anashunday ezgu ishlarning uzviy davomi ekanligini taʼkidladi.
Tadbirda IIV Birlashgan kasaba uyushmasi bosh mutaxassisi, yuridik fanlari doktori, isteʼfodagi polkovnik Abdug‘ofur Sattarov, IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti katta inspektori, podpolkovnik Qabuljon Shokirov, IIV Akademiyasi o‘qituvchisi, dotsent podpolkovnik Quvonish Qodirovlar so‘zga chiqib, o‘quvchilar eʼtiboriga xavola etilayotgan ushbu kitoblarda mustaqillik yillarida ichki ishlar organlarida amalga oshirilgan islohotlar, ilg‘or tajriba va tashabbuslar, ijobiy yutuqlar, yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini qonuniy himoya qilish yo‘lidagi sharafli xizmat, shuningdek, sohada uzoq yillar samarali xizmat qilib, ayni kunda mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi faxriylar, xizmat burchini bajarish chog‘ida qaxramonlarcha halok bo‘lgan ichki ishlar xodimlarining mangu jasorati aks etganini taʼkidlab o‘tishdi.
-Bu kabi tadbirlar kitobga mehr qo‘ygan har bir o‘quvchi uchun chinakam shodiyonadir,-deydi viloyat IIB xodimi, mayor Yulduz Hamdamova.-Chunki kishiga kitobdan azizroq, yoqimliroq suhbatdosh yo‘q. U yolg‘iz paytingda hamroh, qayg‘uli damingda qadrdon do‘stdir. Uning bilan yuzlashgan har bir kun g‘oyat mazmunli, samarali o‘tadi. Shu bois, bu kabi kitob taqdimotlarini intizorlik bilan kutaman va shunday xayrli ishga bosh-qosh bo‘layotgan ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga minnatdorlik bildiraman.
Tadbir samimiy muloqot tarzida o‘tdi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.