6 Yanvar 2022 yil 581

Ekspert-kriminalist faoliyatidan: Avtomashinadagi barmoq izlari

Itning tinimsiz “vov”ullashidan xavotirlangan Tojim (voqea ishtirokchilarining ismi-sharifi o‘zgartirilgan) shoshilgancha tashqariga chiqdi. Atrof zimiston qorong‘ulik. U qo‘lidagi fanar bilan avval hovlini, keyinchalik esa sigirlari turgan molxonani ko‘zdan kechirdi. Ammo yon-atrofda shubhali hech kim ko‘rinmadi. Ko‘ngli xotirjam tortgan Tojim yo‘l bo‘yidagi jiyda daraxtiga suyangancha sigaret tutata boshladi. Shu payt zahkashning narigi tomonida turgan avtomashina chirog‘iga ko‘zi tushdi. U hali chekib tugatmagan sigaretini oyog‘i ostiga tashladi-da, shu tomonga shoshildi. Haydovchi avtomashina kapotini ochib, qo‘lidagi fanar bilan dvigatelning nosoz joyini topishga harakat qilardi. Turli shubha-gumonlarga borgan Tojim salom-alikni ham unutib, haydovchini so‘roqqa tuta boshladi.

-Kimsan, qayerliksan? Bemahalda biz tomonlarda nima qilib yuribsan?!

-Shu yerdan o‘tib ketayotgandim,-dedi Qodir kutilmaganda yonida paydo bo‘lgan kishiga qaragancha.-Mashinam bexosdan yurmay qoldi. Eskini tuzatguncha, esing ketadi, deb bekorga aytishmagan ekan. Ahyon-ahyonda mana shunday “qiliq” chiqaradigan bo‘lib qoldi.

-Gapni aylantirma! Nima maqsadda kelganingni yaxshi bilaman! Sen xotinbozning aqlini kiritib qo‘yish kerak!

Tojim haydovchining yoqasidan olib, uni do‘pposlay boshladi. Ketma-ket urilgan kuchli zarbdan o‘zini o‘nglolmagan Qodir yerga yiqildi. Tungi zo‘ravon bir nimalarni to‘ng‘illagancha uni ayamay tepkiladi. Birozdan so‘ng Qodirning ovozi chiqmay qoldi. Shundan so‘ng Tojim uyiga qaytdi va bo‘lgan voqeani otasiga aytib berdi. Ular darhol hodisa joyiga kelishdi va o‘zlarini xaloskorlardek ko‘rsatib, “Tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qilishdi. Og‘ir tan jarohati olgan Qodir esa nogiron bo‘lib qoldi.

Og‘ir tan jarohati olgan jabrlanuvchi o‘ziga kelgach, tergovchiga tungi zo‘ravonning kimligi haqida aniq maʼlumot berolmadi. Shundan so‘ng tergov va surishtiruv ishlari boshlab yuborildi. Ammo jinoyatga aloqador bo‘lgan gumondorlar ham, voqeani ko‘rgan guvohlar ham yo‘q edi. Tojim va uning otasi haydovchiga beminnat yordam berganligini, boshqa hech nimadan xabarlari yo‘qligini aytishdi. Shahar IIB EKG katta eksperti, kapitan Hurmatbek Xo‘jayev avval gumonlanuvchilardan,  so‘ngra esa Qodir boshqaruvidagi avtomashinada qoldirilgan qo‘l-barmoq izlaridan namunalar oldi. Ushbu izlar viloyat IIB ekspert-kriminalistika bo‘limidagi avtomatlashtirilgan taqqoslash tizimi bazasi tekshiruvidan o‘tkazildi. Natijada ushbu qo‘l-barmoq izlaridan bir nechtasi Tojimga tegishli bo‘lib chiqdi.

Gumondor sifatida ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan Tojim qilmishini tan olmasdan turli bahonalarni o‘ylab topib, tergovchini chalg‘itmoqchi bo‘ldi. Ammo dastlabki surishtiruvlardanoq uning xatti-harakatida hamda ko‘rsatmalarida bir-birini inkor etuvchi xolatlar sezilib qoldi. Tergovchining savollariga javob topolmay sarosimaga tushgan zo‘ravon qilmishini tan olishdan boshqa chora topolmadi. Tungi zo‘ravon qilmishiga yarasha jinoiy javobgarlikka tortildi.

Xiva shahar IIB ekspert-kriminalistika guruhi xodimlari sodir etilgan jinoyatlarni tezkorlik bilan aniqlashda hamda aybdorlarning o‘z qilmishiga iqror bo‘lishida bor bilim va kasbiy mahoratlarini ishga solishmoqda.     

-O‘tgan 2021 yil davomida 85 marotaba hodisa joyi ko‘zdan kechirilib, qo‘l-barmoq izlari bo‘yicha 34 ta ekspert-tadqiqot ishlari amalga oshirildi,-deydi shahar IIB EKG katta eksperti, kapitan Hurmatbek Xo‘jayev.-Sodir etilgan jinoyatlarga aloqador bo‘lgan izlar orqali 6 ta jinoyat “issiq iz”da fosh etildi. Shuningdek, 200 marotaba tergov-tezkor harakatlarida, 331 marotaba tezkor-qidiruv tadbirlarida ishtirok etdik. Natijada sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning qisqa fursatlarda fosh etilishiga erishildi.

Ekspertlar tomonidan amalga oshirilgan bu kabi tadbirlar yurtimizda qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi prinsiplarini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

 

                                                                  Xudoybergan JABBOROV,

                                                                        “Postda” muxbiri.

Text to speech