1 Iyun 2020 yil 1375

Eng ilg‘or guruh komandiri

Kichik serjant Sanʼat Sabirov 1979 yilda Xorazm viloyatining Urganch shahrida tug‘ilgan. Harbiy xizmatdan qaytgach, 2005 yilning may oyidan Urganch xalqaro aeroportida xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha alohida batalyonida guruh komandiri lavozimida shartnoma asosida xizmat qilmoqda. 2014 yilda milliy armiyamizning tayanchi va suyanchi bo‘lgan serjantlar tayyorlash maktabini tamomlagan.

— Kichik serjant Sanʼat Sabirov shaxsiy tarkib orasida tartib-intizomi, xizmat majburiyatini masʼuliyat bilan bajarishi hamda jamoat ishlaridagi faolligi bilan ajralib turadi, — deydi batalyon komandirining o‘rinbosari, podpolkovnik Sherzod Barotov. — Guruh komandiri sifatida muddatli harbiy xizmatchilarning kasbiy ko‘nikmasini shakllantirishga, bilim va mahoratini oshirishga alohida eʼtibor beradi. Qo‘l ostidagi shaxsiy tarkib bilan belgilangan tartibda suhbatlar o‘tkazib, ularning turmush tarzi bilan qiziqadi. Jangovar topshiriqlarni bajarishda shaxsiy tashabbus ko‘rsatishga intiladi. Xullas, u batalyonimizning eng fidoyi harbiy xizmatchilaridan biri. Shuningdek, eng ilg‘or guruh komandiri sifatida ham eʼtirof etilgan.

Qahramonimiz belgilangan hududlar xavfsizligini taʼminlashda hushyorlik bilan xizmat qilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida o‘z tashabbusi bilan 5 ta maʼmuriy huquqbuzarlik holatini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan va belgilangan hududlarda jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymagan.

U komandirlik qilayotgan harbiy xizmatchilar guruhi zimmalariga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarish bilan bir qatorda aeroport ishchi-xizmatchilarining karantin qoidalariga rioya etishini, bino va inshootlarning, maskanlarning sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari tomonidan dezinfeksiya qilinishini doimiy nazorat qilishmoqda. Shuningdek, u ishchi-xizatchilar o‘rtasida koronavirus infeksiyasining oldini olish bo‘yicha o‘tkazilayotgan profilaktik tushuntirish ishlarida faol ishtirok etmoqda.

Text to speech