12 Noyabr 2021 yil 605

Gender tenglikni taʼminlash va zo‘ravonlikka qarshi kurashish mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi

Joriy yil 10-11 noyabr kunlari Urganch shahrida Xorazm viloyati “Istiqbol” ayollar markazi tomonidan “O‘zbekistonda gender tengligi” mavzusida seminar - trening o‘tkazildi. Trening Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda “Luch sveta” mintaqaviy dasturi tashabbusi ko‘magida “Hammamiz birgalikda zo‘ravonlikka qarshi” loyihasi doirasida tashkil etildi. O‘quv mashg‘ulotlari Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda viloyat IIB bilan hamkorligida tashkil etildi. Treningni poytaxtdan taklif etilgan O‘zbekiston Respublikasining gender tengligi bo‘yicha milliy ekspertlari olib borishdi. Treningning maqsadi va vazifalari ishtirokchilarga gender va gender tengligi tushunchalarini berish, gender va zo‘ravonlik muammolari o‘rtasidagi bog‘liqlik,  shuningdek, zo‘ravonlik va gender tengligi muammosini ijtimoiy sheriklikda bartaraf etish chora-tadbirlarini o‘rganishga qaratildi. Ishtirokchilarga gender tenglik hamda gender va zo‘ravonlikka oid qonunchilik bazasi haqida maʼlumotlar berildi. Seminar-treningda viloyat Ichki ishlar, Xalq taʼlimi, Sog‘liqni saqlash, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari, shuningdek Urganch davlat universiteti mutaxassis va masʼul xodimlari hamda jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Seminar-trening davomida ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlari joriy yilning 25 noyabr kunidan 10 dekabr kuniga qadar davom etadigan  “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” kampaniyasi davrida hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar rejasini taqdim qildilar.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech