2 Dekabr 2020 yil 827

“Giyohvandlik zanjiri” bog‘lagan shaxslarning qilmishi fosh etildi

Xorazm viloyati IIB va uning hududiy ichki ishlar organlari tomonidan  viloyatimizda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi samarali kurash olib borilayotganligi sababli joriy yilning o‘tgan davrida giyohvandlik bilan bog‘liq bir necha jinoyatlarning fosh etilishiga erishildi.

Jumladan, joriy yilning 25 noyabr kuni Xorazm viloyati IIB Jinoyat qidiruv va Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari hamda DXX viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida selofan bo‘lagiga 4 ta alohida qadoqlangan “opiy” giyohvandlik vositasini 2 600 000 so‘mga qonunga xilof ravishda sotishga uringan, Urganch shahrida yashovchi, 1970 yilda tug‘ilgan, Q.R. jinoyat ustida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Olib borilgan surishtiruvlar natijasida u ushbu giyohvandlik vositalarini tanishi, Urganch shahrida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan, A.A. dan 2 400 000 so‘mga sotib olganligi maʼlum bo‘ldi. Shu bois gumondor A.A. yo‘lovchi sifatida ketayotgan “Neksiya-3” rusumli avtomashina to‘xtalib, u bilan surishtiruv olib borish jarayonida, ushbu avtomashinada birga ketayotgan tanishi, 1970 yilda tug‘ilgan, R.Q. ham o‘zining xatti-harakatlari bilan gumon tug‘dirganligi sababli, ularning yonlari holislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, A.A. yonida yana bir bo‘lak selofan bo‘lagiga o‘ralgan “opiy” giyohvandlik vositasini saqlab qo‘yganligi aniqlangan bo‘lsa, uning tanishi R.Q. ning  cho‘ntagida esa qog‘oz parchasiga o‘ralgan “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Ilgari giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab chiqqan Q.R. va R.Q. larni o‘zaro bog‘lab turgan “giyohvandlik zanjiri” ga ulanib  olgan A.A. larga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech