12 Yanvar 2022 yil 676

Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq bir necha jinoyat fosh etildi

Bugungi kunda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan bir qatorda, inson ongi va sog‘lig‘iga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalar ham keng tarqalayotgani dunyo hamjamiyatini tashvishga solmoqda.

Shu bois mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bilan birgalikda kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muamalaga kiritilishiga qarshi kurashish ham kuchaytirilgan tarzda olib borilmoqda.

2022 yilning dastlabki kunlaridan boshlab Xorazm viloyati IIB tomonidan viloyat hududida narkotik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, 2022 yil 4 yanvar kuni viloyat IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, 1992 yilda Urganch shahrida tug‘ilgan, R.Q. Urganch shahrida joylashgan o‘ziga tegishli do‘konda “haridor”ga 1 dona “Kent” yozuvli sigaretaga surtilgan “Spays” giyohvandlik vositasini 100.000 so‘mga sotayotgan vaqtida jinoyat ustida ushlandi.

Shuningdek, 7 yanvar kuni Urganch shahri bo‘yicha IIO FMB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Xonqa tumanida yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan T.A. Urganch tumanida yashovchi o‘ziga tengdosh bo‘lgan tanishi M.A. bilan oldindan jinoiy til biriktirib, qog‘oz parchasiga qadoqlangan 2 bo‘lak “geroin” giyohvandlik vositasini Urganch shahrida 1 050 000 so‘mga qonunga xilof ravishda sotayotgan paytida qo‘lga olindilar.

Bundan tashqari, 2022 yil 8 yanvar kuni viloyat IIB JQB hamda Urganch shahri bo‘yicha IIO FMB JQB xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Urganch tumanida joylashgan choyxonada tanishiga bir bo‘lak “geroin” giyohvandlik vositasini 300 000 so‘mga sotishga uringan Urganch tumanida yashovchi, 1979 yilda B.Q. ham jinoyat ustida qo‘lga olindi. Shundan keyin unga tegishli bo‘lgan avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtomashina yo‘lovchisi, Urganch shahrida yashovchi, 1970 yilda tug‘ilgan, U.Q. ning cho‘ntagida 2 ta qog‘oz bo‘lagiga qadoqlangan “geroin” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi. Olib borilgan dastlabki surishtiruvga ko‘ra, Urganch tumanida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan M.X.ning yoni va unga tegishli avtomashina ko‘zdan kechirilganida, uning cho‘ntagida 6 dona “Tramadol Lannaxer 50 mg” yozuvli giyohvandlik dori vositasi va avtomashinasi salonida qog‘oz parchasiga qadoqlangan “geroin” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.

Yuqoridagilardan tashqari, joriy yilning 10 yanvar kuni viloyat IIB JQB va YHXB  xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, Xiva shahrida yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan H.B. boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashina Qo‘shko‘pir tumani hududidan o‘tgan avtomobil yo‘lida to‘xtatib tekshirib ko‘rilganida, avtomashina salonida haydovchiga tegishli bo‘lgan “marixuana” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Yuqoridagi barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech